Logo

“Toshkent–Atirau” yo‘nalishida aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi

Fevral 27, 2026. 09:51 • 52 soniya

44
“Toshkent–Atirau” yo‘nalishida aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi

ATIRAU, 27-fevral. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning Atirau shahrida “Toshkent–Atirau” yo‘nalishida yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishiga bag‘ishlangan taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Atirau viloyati hokimligi, xalqaro aeroport rahbariyati, mahalliy ishbilarmon doiralar hamda 60 dan ziyod yetakchi turistik kompaniya va mehmonxona vakillari ishtirok etdi.

Taqdimotning asosiy mavzusi shu yilning 30-mart va 3-aprel kunlari ilk bor amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Toshkent–Atirau–Toshkent” yo‘nalishidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar bo‘ldi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu havo yo‘li Qozog‘istonning g‘arbiy viloyatlari aholisi uchun O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga sayohat qilishda eng qulay va tezkor imkoniyatni yaratadi.

“Uzbekistan Airways” va “Asialuxe Travel” kompaniyalari vakillari ishtirokchilarga O‘zbekiston bo‘ylab maxsus turpaketlar, tibbiyot turizmi va tranzit sayohatlar bo‘yicha batafsil maʼlumot berdi.

Alohida eʼtibor yurtimizning dunyo miqyosida eʼtirof etilayotgan gastronomik turizm salohiyatiga qaratildi. Ishtirokchilar birinchi aviareyslar doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan keng ko‘lamli madaniy va turistik tadbirlar bilan tanishtirildi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat turizm sohasi vakillari o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, sayyohlik oqimini tizimli ravishda oshirish va qo‘shma turistik tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish