Vengriya universiteti o‘zbekistonlik mutaxassislarni zamonaviy klinik tadqiqot usullari va ilg‘or amaliyotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha xalqaro dasturda ishtirok etishga taklif etadi
Fevral 27, 2026. 09:24 • 2 daq
• 82
BUDAPESHT, 27-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Vengriyaning Semmelweis universiteti rektori, professor Bela Merkeli bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida rektor AQShning Garvard tibbiyot maktabi tomonidan Semmelweis universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan klinik tadqiqotlar sohasida mutaxassislar tayyorlash (Clinical Science Scholars Program) dasturida O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etishi mumkinligini maʼlum qildi.
Ushbu dastur 2023-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, zamonaviy klinik tadqiqot usullari va ilg‘or xalqaro tajribalarni chuqur o‘zlashtirishga qaratilgan. Kurs yakunida ishtirokchilar klinik sinovlarni ishlab chiqish va o‘tkazish, ilmiy maʼlumotlarni tahlil qilish, grant arizalarini tayyorlash, tadqiqot tibbiy guruhlarini boshqarish tamoyillari haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘ladi.
Dasturni amalga oshirishning dastlabki uch yilida (2023–2025-yy) asosan Vengriya va Markaziy Yevropa mamlakatlari tibbiyot universitetlaridan 220 ga yaqin tinglovchi ishtirok etdi.
Dasturning yangi tizimi to‘qqiz oyga mo‘ljallangan. 2026–2027 o‘quv yili qabuli uchun kunduzgi va masofaviy mashg‘ulotlar quyidagicha rejalashtirilgan: shu yilning 27–30-iyul kunlari Budapesht shahrida, 1–4-dekabr kunlari onlayn shaklda hamda 2027-yil 16–19-mart kunlari Garvard tibbiyot maktabida (AQSh).
Trening doirasida ishtirokchilar o‘zlarining tadqiqot loyihalarini ishlab chiqadi: 10 ta eng yaxshi ish vebinarda taqdim etiladi va 3 nafar finalchi Bostondagi yakuniy seminarda o‘z loyihalarini himoya qiladi.
O‘quv jarayoni gibrid formatda tashkil etilgan bo‘lib, jamoaviy ishlash, muntazam vebinarlar va 85 dan ortiq yozib olingan maʼruzalarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli videomaʼruza kursini o‘z ichiga oladi.
Dasturning markaziy elementlari 3 ta intensiv o‘quv moduli bo‘lib, kurs tuzilmasi 5 ta asosiy fan atrofida qurilgan: epidemiologiya, tadqiqot etikasi, biostatistika, klinik sinovlar, shuningdek, yetakchilik va jamoaviy o‘zaro taʼsir ko‘nikmalari.
2026/2027 o‘quv yili uchun Semmelweis universitetining hamkor muassasalari uchun 70 ta stipendiya o‘rinlari ko‘zda tutilgan. O‘zbekistonlik 2 nafar ishtirokchi uchun o‘qish qiymatining 50 foizi miqdorida stipendiya ko‘zda tutilgan. Qo‘shimcha ravishda 20 nafargacha nomzod o‘z hisobidan xarajatlarni to‘liq qoplash asosida dasturga qo‘shilishi mumkin bo‘ladi. Dasturda O‘zbekistondan tashqari, Semmelweisning Osiyo, Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi hamkor oliy o‘quv yurtlari ham ishtirok etishga taklif etiladi.
Yosh klinitsistlar, aspirantlar, postdoktorantlar va ordinatorlar ariza topshirishlari mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish Garvard tibbiyot maktabi veb-saytida va scholarship@semmelweis.hu elektron pochtasi orqali amalga oshiriladi. Hujjatlarni topshirishning oxirgi muddati – 2026-yil 20-may. Qo‘shimcha maʼlumot Semmelweis universiteti veb-sayti – semmelweis.huda mavjud.
Rektor Semmelweis universiteti bilan hamkorlik aloqalariga ega bo‘lgan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarini dasturga taklif qilishdan manfaatdor ekanini alohida taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
