Logo

O‘zbek turizm salohiyati Latviya samolyotlarida ham eʼtirof etilmoqda

Yanvar 09, 2026. 12:36 • 2 daq

68
O‘zbek turizm salohiyati Latviya samolyotlarida ham eʼtirof etilmoqda

RIGA, 10-yanvar. /“Dunyo” AA/. Latviyaning “airBaltic” aviakompaniyasiga qarashli “Baltic Outlook” jurnalida “O‘zbekistonga xush kelibsiz!” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari, milliy taomlari, xorijiy mehmonlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda mamlakatning boy tarixiy va madaniy merosi haqida maʼlumotlar keltirilgan. Zamonaviy interaktiv formatlar — QR-kodlardan foydalanish, bosma materialni raqamli turistik resurslar bilan integratsiya qilish, yo‘lovchilarga mamlakat turistik salohiyati haqidagi dolzarb maʼlumotlar va videoroliklarga tezkor kirish imkonini beradi.

Latviya milliy aviakompaniyasining bort jurnalidagi nashr O‘zbekistonning ochiq, xavfsiz va turistik jihatdan jozibador mamlakat sifatida xalqaro imijini shakllantirishga, mamlakatning yevropalik va yaqin sharqlik auditoriya orasida tanilishiga xizmat qiladi.

Bugungi kunda “Baltic Outlook” Latviyaning eng ko‘p o‘qiladigan turistik nashri hisoblanadi. Jurnal yo‘lovchilarga turli davlatlarning tarixi, madaniyati, anʼanalari va sayyohlik joylari haqida maʼlumot taqdim etadi. Nashr Riga xalqaro aeroporti mehmonlari, aviakompaniyaning Yevropa va Yaqin Sharqning 40 dan ortiq davlatlari, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari yo‘nalishlarida parvoz qilayotgan yo‘lovchilar orasida tarqatiladi.

Nashr tiraji 20 ming nusxa. Jurnalning bosma va raqamli versiyalari bo‘yicha oylik umumiy auditoriyasi 450 mingdan ortiq kishini tashkil etadi. Jurnal onlayn formatda ham mavjud bo‘lib, auditoriyani sezilarli darajada kengaytiradi. “airBaltic” aviakompaniyasi oyiga o‘rtacha 2,5 mingdan ortiq reys amalga oshiradi va 350 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish