Turkiya OAV: O‘zbekiston va Turkiya yagona intilish va strategik maqsadlar yo‘lida hamjihat
Fevral 02, 2026. 10:42 • 53 soniya
• 21
ANQARA, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning nufuzli “Institute of Strategic Thinking” aql markazining rasmiy sahifasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlariga oid maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda taʼkidlanishicha, oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston yetakchisi Turkiyaning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuziga yuksak baho berib, Turkiyaning mintaqaviy va global masalalarni hal etishdagi faol roli hamda Markaziy Osiyo bilan strategik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganini qayd etgan.
“O‘z navbatida, Turkiya Prezidenti Rejep Tayip Erdog‘an Turkiy dunyo birligi haqida so‘z ochib, ikki davlatning nafaqat umumiy tarix va madaniyatga ega ekanini, balki kelajakda ham yagona intilish va strategik maqsadlar yo‘lida hamjihat ekanini taʼkidlagan,- deya yozilgan materialda.
Shuningdek, tashrif davomida savdo, taʼlim, mudofaa sanoati, energetika va madaniyat kabi sohalarda muhim kelishuvlarga erishilgan. Prezident Erdog‘an o‘zaro savdo hajmi so‘nggi o‘n yilda uch barobar oshganini qayd etib, navbatdagi maqsad 5 milliard dollarlik marra ekanini bildirdi. O‘zbekiston Prezidenti esa ikki davlatning tili, ko‘ngli va niyati bir ekanini taʼkidlab, bu yaqinlik strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini eʼtirof etdi”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
