Logo

O‘zbekiston fuqarolarini Fransiyaga mavsumiy ishlarga jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi

Aprel 30, 2026. 11:45 • 2 daq

135

PARIJ, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Migratsiya agentligi delegatsiyasining Fransiyaga amaliy tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Fransiyaning savdo, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, bandlik va taʼlim sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi davlat va xususiy tuzilmalari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Xususan, Fransiya Ichki ishlar, Milliy taʼlim va Tashqi ishlar vazirliklari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda O‘zbekiston fuqarolarini mavsumiy ishlarga jalb etish bo‘yicha pilot loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ushbu tashabbuslarni hamkorlikda amalga oshirish hamda kasbiy tayyorgarlik sohasida tajriba almashish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Savdo va distribyutorlik sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar bilan mehnat migrantlarini supermarketlar, omborlar va ishlab chiqarish obyektlariga ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Tibbiyot sohasida esa hamshiralarni Fransiyada ish bilan taʼminlash va ularni tilga o‘qitish mexanizmlari o‘rganildi.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida Fransiyaning yirik fermerlar uyushmasi bilan hamkorlik o‘rnatildi. O‘zbekiston fuqarolarini uzumzorlardagi mavsumiy ishlarga jalb etish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, Fransiyaning bandlik xizmati, kasb-hunar o‘quv markazlari va rekruting kompaniyalari bilan birgalikda mutaxassislarni tanlab olish, ishga joylashtirish va kasbiy tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Taʼlim sohasida kasb-hunar taʼlimi markazlari bilan tajriba almashish hamda kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuvlar yakunida qator tashkilotlar bilan memorandumlar imzolandi hamda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Umuman olganda, mazkur tashrif O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi, bandlik va kasb-hunar taʼlimi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, fuqarolar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish