O‘zbekiston va Hindiston "raqamli diplomatiya" sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda: bugun sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha kurslar boshlandi
Yanvar 19, 2026. 17:24 • 2 daq
• 18
TOSHKENT, 19-yanvar. /“Dunyo” AA/. Bugun o‘zbekistonlik diplomatlar uchun sunʼiy intellekt (SI) va kiberxavfsizlik bo‘yicha ixtisoslashtirilgan onlayn kursning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu taʼlim tashabbusi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Diplomatik akademiya hamda Hindiston Tashqi ishlar vazirligining Sushma Svaraj nomidagi Diplomatik xizmat instituti o‘rtasidagi Hamkorlik memorandumi ijrosi doirasida hamda ikki mamlakat diplomatik missiyalari ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Ochilish marosimida JIDU Diplomatik akademiyasi direktori Abdusamad Haydarov, O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev, Sushma Svaraj nomidagi Diplomatik xizmat instituti dekani Raj Kumar Shrivastava va Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pant ishtirok etdi.
O‘quv dasturi uch kunga mo‘ljallangan bo‘lib, intensiv va amaliy xarakterga ega. Kurs davomida hindistonlik ekspertlar diplomatlarga o‘z faoliyatlari samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi zamonaviy vositalarni taqdim etadi.
Mashg‘ulotlar bugungi kun diplomatiyasining ajralmas qismiga aylanib borayotgan sunʼiy intellekt texnologiyalari va kiberxavfsizlik asoslarini chuqur o‘rganishga qaratilgan. Intensiv dastur doirasida ishtirokchilar katta hajmdagi maʼlumotlar bilan ishlash, raqamli tahdidlarni tahlil qilish va xalqaro jarayonlarni prognoz qilishda SI vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, sunʼiy intellekt allaqachon «kelajak texnologiyasi» bo‘lishdan to‘xtab, xalqaro siyosatning tarkibiy qismiga aylandi. Zamonaviy diplomat o‘z davlatining nafaqat siyosiy, balki raqamli chegaralarini ham himoya qilishga tayyor bo‘lishi lozim.
Shuningdek, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ruhidagi milliy islohotlarning avangardi hisoblangan yosh diplomatlar tomonidan yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu kursning tashkil etilishi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida izchil rivojlanayotgan va yangi mazmun bilan boyib borayotgan strategik sheriklikning yuqori darajasini ifodalaydi. Xususan, axborot texnologiyalari sohasida Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida tashkil etilgan IT-parklar kabi infratuzilmaviy loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Mamlakatlar o‘rtasida yaratilgan «raqamli ko‘prik» Hindiston innovatsiyalari va O‘zbekiston salohiyatini uyg‘unlashtirgan holda, yurtimizni Markaziy Osiyoning raqamli xabiga aylanishiga xizmat qilmoqda.
Qo‘shma taʼlim dasturlarining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi izchil muloqotning mantiqiy davomi bo‘lib, raqamli davr talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlashdan har ikki tomon manfaatdor ekanidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
