Logo

Madridda O‘zbekiston­-Ispaniya yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi

Mart 04, 2026. 10:00 • 3 daq

29
Madridda O‘zbekiston­-Ispaniya yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi
Madridda O‘zbekiston­-Ispaniya yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi
Madridda O‘zbekiston­-Ispaniya yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi

MADRID, 4-mart. /“Dunyo” AA/. Madrid shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Ispaniya biznes-forumda mamlakatimizning investitsiya va eksport salohiyati keng namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Biznes-forum davomida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida “B2B” formatida turli uchrashuvlar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov O‘zbekiston–Ispaniya o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning murojaatini tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova o‘qib eshittirdi.

Ispaniya tomonidan so‘zga chiqqan Iqtisodiyot, savdo va biznes vazirligining Yevropa, Osiyo va Okeaniya bo‘yicha bosh direktori o‘rinbosari Laura Xariyo va Savdo palatasining xalqaro direktori Mikaela Pikasso O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini alohida ta’kidladi.

Forum davomida Ispaniya va O‘zbekistonning yetakchi kompaniyalari vakillari faol ishtirok etdi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston haqidagi videorolik namoyish etilib, iqtisodiy soha yo‘nalishida maxsus taqdimotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilarga mamlakatimizning investitsiyaviy va sanoat salohiyati, jumladan, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, sanoat zonalarini rivojlantirish va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar taqdim etildi.

O‘zbekistonningtegishli vazirliklari hamda Samarqand, Toshkent va Andijon viloyatlari vakillari onlayn formatda investitsiyaviy va iqtisodiy imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot namoyish qildi. Oflayn tarzda Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Zafar Yo‘ldoshev O‘zbekiston agrosanoat majmuasi salohiyati haqida ma’ruza qildi.

Ispaniya tomonidan yetakchi kompaniyalar – “Almar Water Solutions” vitse-prezidenti Aransasu Mensiya, “New Greenhouse Projects” tijorat direktori Migel Rinkon va “Feeding Systems” ijrochi direktori Fransisko Vilor taqdimot o‘tkazib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, “Almar Water Solutions” Samarqand viloyatida suv tozalash majmuasini qurish loyihasini, “New Greenhouses Projects S.L.” Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida yuqori texnologiyali issiqxonalarni tashkil etish tashabbusini, “Enhol Grupo” esa energetika va barqaror rivojlanish sohalarida hamkorlik istiqbollarini taqdim etdi.

Shuningdek, forumda Ispaniyaning bank-moliya sektori (Santander Bank), energetika (Enhol Grupo), sog‘liqni saqlash va tibbiyot (World Health Management va Gedepsa), qishloq xo‘jaligi va turizm (Greenhouses Project, Viveros Veron va Iberoquinoa), suv ta’minoti (Almar Water Solutions va Grupo COX Assets) kabi turli sohalarda faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Bundan tashqari, transport mashinasozligi (CAF – harakatlanuvchi tarkib va temir yo‘l texnikasini ishlab chiqarish), sanoat va ekologik uskunalar (IMABE – qayta ishlash va chiqindilarni boshqarish sohasidagi yechimlar), energetika va sanoat muhandisligi (GLOBALTEC), elektr mobilligini rivojlantirish (AEDIVE – elektr transporti infratuzilmasi), ekologik va innovasion texnologiyalar (Syneox), telekommunikatsiya tizimlari va jamoat xavfsizligi yechimlari (Telltronic) kompaniyalari ishtirok etdi.

Mazkur kompaniyalar O‘zbekistonda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor va ekologik barqaror yechimlarni joriy etish, chiqindilarni qayta ishlash, elektr transporti va raqamli aloqa tizimlarini rivojlantirish yo‘nalishlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Forum doirasida suv infratuzilmasi, agrosanoat majmui, energetika, akvakultura va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash sohalaridagi istiqbolli tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida B2B formatida muzokaralar o‘tkazilib, Ispaniyaga quritilgan mevalar, dukkakli ekinlar, yong‘oqlar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik hujjatlari va eksport shartnomasi imzolandi.

Tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi investitsiyaviy sheriklikni yana-da chuqurlashtirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish