Logo

Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Malayziya olima ayollar forumida muhim kelishuvlar imzolandi

Aprel 13, 2026. 12:22 • 3 daq

74
Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Malayziya olima ayollar forumida muhim kelishuvlar imzolandi
Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Malayziya olima ayollar forumida muhim kelishuvlar imzolandi
Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Malayziya olima ayollar forumida muhim kelishuvlar imzolandi
Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Malayziya olima ayollar forumida muhim kelishuvlar imzolandi
Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Malayziya olima ayollar forumida muhim kelishuvlar imzolandi
Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Malayziya olima ayollar forumida muhim kelishuvlar imzolandi

KUALA-LUMPUR, 13-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Melaka texnika universitetida O‘zbekiston­­–Malayziya olima ayollar forumi o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan ushbu forumda ikki davlatning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan ayol rektorlar, prorektorlar, olimalar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Mazkur forum joriy yil fevral oyida o‘tkazilgan “O‘zbekiston–Malayziya birinchi taʼlim forumi” doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi sifatida ahamiyat kasb etdi. Bu o‘z navbatida, taʼlim sohasida gender tenglikni taʼminlash va ayollarning ilm-fandagi o‘rnini yana-da mustahkamlashga xizmat qildi.

Tadbirda Melaka shtati gubernatori Mohd Ali bin Mohd Rustam so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va o‘zaro hamkorlik aloqalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. U ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tobora yangi bosqichga ko‘tarilayotganini taʼkidlab, ayniqsa taʼlim sohasidagi hamkorlikning strategik ahamiyatiga eʼtibor qaratdi.

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomidin Gadoyev o‘z nutqida taʼlim sohasidagi ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida 35 ga yaqin qo‘shma taʼlim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, 1100 dan ziyod akademik almashinuvlar amalga oshirilgani, turli taʼlim loyihalari va xizmatlari hajmi ortib borayotgani ham hamkorlikning samarali natijalaridan dalolat beradi.

Forum doirasida ishtirokchilar taʼlim muassasalarini samarali boshqarish, zamonaviy pedagogik yondashuvlar, innovatsion taʼlim texnologiyalari hamda STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Shu bilan birga, bo‘lajak liderlarni tarbiyalash, yosh avlodni global raqobat sharoitiga tayyorlash borasida ilg‘or tajribalar muhokama qilindi.

Forumning eng ahamiyatli jihatlaridan biri – uning ochilish marosimida Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti direktori, professor Fariza Shamning O‘zbekistonning Malayziyadagi taʼlim elchisi etib tayinlanishi bo‘ldi. Ushbu yuksak eʼtirof unga ikki mamlakat o‘rtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun berildi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan imzolangan maxsus sertifikat tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston va Malayziyaning jahon reytinglarida top-500 talikka kiruvchi universitetlari o‘rtasida 13 ta hamkorlik hujjatlari imzolandi. Bu kelishuvlar kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, yangi taʼlim dasturlarini joriy etishga xizmat qiladi.

Forumda namoyish qilingan ko‘rgazma ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Melaka texnika universitetining ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalariga bag‘ishlangan 11 ta o‘ziga xos stend namoyish etildi. Ularda mamlakatimizning universitetlari ilmiy salohiyati, zamonaviy infratuzilmasi va taʼlim imkoniyatlari keng yoritildi. Har bir universitet joylashgan hududning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va turizm salohiyati ham namoyon etildi.

Forumning madaniy qismi ham juda mazmunli va yorqin tarzda o‘tdi. Farg‘ona va Navoiy davlat universitetlaridan tashrif buyurgan iqtidorli talabalar o‘zlarining jonli chiqishlari bilan ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Milliy qo‘shiq va raqslar orqali o‘zbek madaniyatining betakror jihatlari namoyon etildi.

Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekistonning go‘zal tabiati, boy tarixi va islomiy merosini aks ettiruvchi videoroliklar namoyish qilindi. Xususan, yaqinda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Al-Buxoriy majmuasi haqidagi roliklar malayziyalik ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonga bo‘lgan sayyohlik qiziqishini yana-da oshirdi.

Umuman olganda, mazkur forum O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi taʼlim, ilm-fan va madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim maydon bo‘ldi. Bunday tadbirlar ikki xalq o‘rtasida o‘zaro tushunish, ishonch va hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish