Logo

O‘zbekiston Ispaniyadagi xalqaro ko‘rgazmaning faxriy mehmoni bo‘ladi

Fevral 23, 2026. 08:10 • 2 daq

120
O‘zbekiston Ispaniyadagi xalqaro ko‘rgazmaning faxriy mehmoni bo‘ladi

MADRID, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning mashhur «Europa Press» axborot agentligi va “Demócrata” nashrida “B-Travel” O‘zbekistonni Barselonada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi ko‘rgazmasining mehmon mamlakati deb eʼlon qildi” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrning yozishicha, joriy yilning 20–22-mart kunlari Barselonadagi “Fira de Barcelona” ko‘rgazmalar markazining “Montjuïc” maydonchasida o‘tkaziladigan “B-Travel” xalqaro turistik ko‘rgazmasida O‘zbekiston asosiy hamkor va faxriy mehmon sifatida ishtirok etadi.

Maqolada taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Xitoyni O‘rta Yer dengizi bilan bog‘lagan afsonaviy Buyuk Ipak yo‘lidagi tarixiy merosi, dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Samarqand va zamonaviy Toshkent shaharlari tufayli eng ommabop turistik yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, mamlakatdagi islom meʼmorchiligi durdonalari va noyob diqqatga sazovor joylar ispaniyalik sayyohlarda yuksak qiziqish uyg‘otmoqda.

O‘zbekistonning ko‘rgazmadagi ishtiroki soha mutaxassislari, agentliklar va turoperatorlar uchun yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochishi taʼkidlangan.

“Barselonada keng jamoatchilikka o‘zlikni saqlab qolgan, hayratlantira oladigan yo‘nalishlarni taqdim etish ustida ishlamoqdamiz. O‘zbekistonning hamkor davlat sifatidagi ishtiroki ko‘rgazma dasturini boyitish bilan birga, tashrif buyuruvchilarga tarix va anʼanalarga boy ushbu jozibador o‘lkani kashf qilishga yordam beradi”, deya fikr bildirgan “B-Travel” prezidenti Marti Sarrate.

Marti Sarrate O‘zbekiston hukumati va turizm sohasi vakillariga ko‘rsatilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, Barselonadagi tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish