O‘zbekiston Hindistonda turizm sohasidagi nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi
Fevral 25, 2026. 15:05 • 3 daq
• 23
DEHLI, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning turistik salohiyati Hindistonda yuksak eʼtirof etildi - Dehlidagi «ITC Maurya» mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan «VETA Awards» mukofotini topshirish bo‘yicha tantanali marosimda mamlakatimiz turizmni rivojlantirishdagi ulkan yutuqlari uchun maxsus nominatsiya bilan taqdirlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«VETA Awards» - Hindiston va Janubiy Osiyo mintaqasidagi turizm hamda mehmondorchilik industriyasining eng yirik va nufuzli taqdirlash marosimlaridan biridir. Mazkur mukofot «Travel Scapes» umumhindiston sayohatlar jurnalini nashr etuvchi yetakchi «Versatile Media» media-kompaniyasi tomonidan taʼsis etilgan.
«VETA Awards» sohadagi ilg‘or tajriba va innovatsiyalarni eʼtirof etish uchun yirik platforma vazifasini o‘tab, turizm sohasining jahon yetakchilari va asosiy milliy vakillarini birlashtiradi. Mukofot Osiyodagi eng yirik “SATTE” turistik ko‘rgazmasi bilan hamkorlikda o‘tkaziladi hamda uning Hindistondan xorijga sayohat qilish yo‘nalishi kun tartibini shakllantirishdagi maqomi va taʼsirini yanada oshiradi.
Taqdirlash marosimida Hindiston turizm industriyasi yetakchilari, yirik sayyohlik kompaniyalari, mehmonxonalar tarmoqlari va aviakompaniyalar rahbarlari jam bo‘ldi. Bollivud yulduzlari, mashhur musiqiy jamoalar va ijrochilar kechaga alohida shukuh bag‘ishladi. Tadbir jarayonlari Hindistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari va ommabop trevel-blogerlar tomonidan keng yoritildi.
Hindistonlik sayyohlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi jadal surʼatlar bilan o‘sib bormoqda. «VETA Awards» mukofotining topshirilishi esa ushbu trendni yana bir bor tasdiqladi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatimizga 80 mingdan ortiq Hindiston fuqarolari tashrif buyurgan, bu esa 2024-yilga nisbatan 15 foizga ko‘p demakdir. Bunday o‘sish yurtimiz turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish, shuningdek, aviaqatnovlar ko‘lamini kengaytirish samarasida amalga oshirildi.
Ikki davlat o‘rtasidagi reyslar soni muntazam ortib bormoqda. Xususan, joriy yilning yozgi jadval boshlanishi bilan «Centrum Air» aviakompaniyasi 30 martdan Toshkent – Haydarobod yo‘nalishi bo‘yicha, «Uzbekistan Airways» esa 4 apreldan Namangan va Dehli o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Shu tariqa, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi haftalik parvozlar qariyb 20 taga yetadi.
O‘zbekiston turizm maʼmuriyati 2026-yilda Hindistondan 100 ming nafar sayyohni qabul qilishdek ulkan maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan.
«VETA Awards» mukofotini topshirish marosimi anʼanaviy tarzda bugun Dehlida ochilgan Osiyodagi eng yirik turistik yarmarkalardan biri - “SATTE” ko‘rgazmasi arafasida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston yagona milliy stend bilan qatnashmoqda. Delegatsiya tarkibidan Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizning yetakchi turoperatorlari va agentliklari vakillari joy olgan. Tadbir doirasida Hindiston kompaniyalari va Janubiy Osiyo davlatlari agentliklari bilan “B2B” shaklidagi turkum uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muzokaralarning asosiy mavzularini sayyohlar oqimini ko‘paytirish, MICE-turizmni rivojlantirish va sheriklik aloqalarini mustahkamlash masalalari tashkil qiladi. “SATTE” ko‘rgazmasidagi ishtirok O‘zbekistonning Mumbay shahrida fevral oyi boshida bo‘lib o‘tgan “OTM” ko‘rgazmasidagi muvaffaqiyatli targ‘ibot kampaniyasining mantiqiy davomi bo‘ladi.
O‘zbekiston turistik jozibadorlikni oshirish ustida faol ish olib bormoqda. Joriy yilning yanvar oyida Hindistonning yirik shaharlari - Dehli, Mumbay va Gurgaonda O‘zbekistonning qadimiy shaharlari haqidagi videoroliklar namoyishi orqali keng ko‘lamli reklama kampaniyasi o‘tkazildi.
Aviaqatnovlarning rivojlanishi hamda hindistonlik bloger va jurnalistlar uchun tashkil etilayotgan info-turlar orqali milliy turistik brendning ommalashishi o‘z samarasini bermoqda. Natijada Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari hindistonliklar uchun orzu qilingan yo‘nalishlarga aylanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
