Kuvaytda O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari eksportini kengaytirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi
Oktabr 02, 2026. 09:00 • 3 daq
• 5AL-KUVAYT, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida Kuvaytga mahalliy ishlab chiqaruvchi va eksportchilardan iborat biznes delegatsiyaning xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Kuvaytning 15 ta oziq-ovqat mahsulotlari importyori va yirik treyderlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, eksport hajmini oshirish, mahsulotlarni yetkazib berish va logistika masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda go‘sht va muzlatilgan mahsulotlar, qandolatchilik mahsulotlari, quritilgan mevalar hamda dukkakli mahsulotlarni Kuvayt bozoriga yetkazib berish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, “Abrar Universal Group” va “Alyasra Foods” kompaniyalari vakillari bilan go‘sht va muzlatilgan mahsulotlarni eksport qilish shartlari, mahsulot sifati, hajmi, qadoqlanishi va logistikasi bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi. Shu bilan birga, “World Sweets” kompaniyasi va “Zarqand” hamda “Krember” korxonalari o‘rtasida qandolat mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
“Souq Adan”, “Go Fresh”, “Cozmo Central Food” va “SAF Kuwait” kompaniyalari bilan O‘zbekiston mahsulotlarini Kuvayt bozoriga olib kirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Oziq-ovqat ulgurji savdosiga ixtisoslashgan “Ariana Advanced General Trading” kompaniyasi bilan quritilgan mevalar, dukkakli va go‘sht mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha muzokaralar natijasida “Amax Exim” MCHJ bilan Memorandum imzolandi.
Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri raqamli savdoni rivojlantirish bo‘ldi. Kuvaytning “Alhafed National” kompaniyasi bilan o‘tkazilgan davra suhbatida o‘zbek mahsulotlarini elektron savdo kanallari orqali Kuvayt iste’molchilariga yetkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Oktyabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan “Yeeb” elektron tijorat platformasida O‘zbekiston mahsulotlari uchun maxsus bo‘lim tashkil etilgani eksportchilar uchun yangi onlayn savdo imkoniyatlarini yaratadi. Shu maqsadda eksportchilarni platformaga bosqichma-bosqich integratsiya qilish va mahsulot kataloglarini shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Hamkorlikning amaliy natijasi sifatida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Alhafed National” kompaniyasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi, “Amax Exim” va “Chortoq Mineral Water” korxonalari bilan eksport yo‘nalishida memorandumlar imzolandi. Kuvaytda o‘zbek mahsulotlari savdo uyini tashkil etish imkoniyatlari ham o‘rganildi.
Eksportni ko‘paytirishda transport-logistika yo‘nalishiga ham alohida e’tibor qaratildi. “Navoiy” xalqaro aeroporti vakillari Kuvaytning “Beyout Holding”, “KRH” va “Sky Aviation Service Group” kompaniyalari bilan aviakargo tashuvlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Xususan, tez buziluvchan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, go‘sht va muzlatilgan mahsulotlarni qisqa muddatlarda yetkazib berish, shuningdek, yuklarni tranzit va qayta taqsimlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kuvaytga tashkil etilgan biznes tashrifi O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarining ushbu bozordagi ishtirokini kengaytirish uchun yangi amaliy mexanizmlarni shakllantirdi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri biznes aloqalari, imzolangan memorandumlar, elektron savdo platformasiga chiqish va aviakargo yo‘nalishidagi hamkorlik eksport hajmlarini oshirish hamda O‘zbekistonning Kuvayt bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



