Shotlandiyaning eng qadimgi universitetlaridan biri O‘zbekistonda kampus ochish istiqbollarini ko‘rib chiqmoqda
Oktabr 02, 2026. 08:10 • 2 daq
• 125
LONDON, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning London shahridagi elchixonasida Xeriot-Uatt universiteti (Heriot-Watt University) rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish, shuningdek, universitetning O‘zbekistonda o‘z kampusini ochish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Universitet vakillari O‘zbekistonning oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Jumladan, Xeriot-Uatt universiteti vakili O‘zbekiston oliygohlari bilan qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish dasturlari va treninglar tashkil etish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda “ikki tomonlama diplom” tamoyili asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligini ta’kidladi.
Shotlandiyada 1821-yilda “Edinburg san’at maktabi” (School of Arts of Edinburgh) nomi bilan tashkil etilgan ushbu oliygoh ilmiy tadqiqotlar va ta’limdagi innovatsion yondashuvlari bilan mashhur. Hozirda davlat tadqiqot universitetida, umumiy hisobda, uning xorijiy kampuslari bilan birgalikda 31 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda, 2 mingdan ortiq o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Xeriot-Uatt universiteti nufuzli xalqaro reytinglarda, jumladan, QS reytingida 325-o‘rinni, “Times Higher Education” (THE) reytingida esa 401-o‘rinni egallab kelayotgan yetakchi ta’lim muassasalaridan biridir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi