Germaniyada anʼanaviy “Davra Cup - 2026” futbol turniri o‘tkazildi

Iyun 01, 2026. 09:25 • 3 daq

176
Germaniyada anʼanaviy “Davra Cup - 2026” futbol turniri o‘tkazildi
Germaniyada anʼanaviy “Davra Cup - 2026” futbol turniri o‘tkazildi
Germaniyada anʼanaviy “Davra Cup - 2026” futbol turniri o‘tkazildi
Germaniyada anʼanaviy “Davra Cup - 2026” futbol turniri o‘tkazildi

MYUNXEN, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Mustaqilligining 35–yilligi va Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi yubiley sanalari munosabati bilan Myunxen shahrida “Davra Cup - 2026” kubogi katta anʼanaviy futbol turniri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir “Davra” o‘zbek-nemis madaniy va sport jamiyati tomonidan “Vatandoshlar” jamoat fondi va mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

2013-yildan buyon muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan mazkur turnir vatandoshlarimiz orasida yilda bir bora diydor ko‘rishish va futbol maydonida do‘stona belashish uchun yaxshi anʼanaga aylanib ulgurgan.

Musobaqa boshlanishidan avval qatnashchilarga mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasi xodimlari tomonidan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida respublikamizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid siyosatning asosiy yo‘nalishlari va pirovard maqsadlari haqida maʼlumotlar berildi. Bunda bolalar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila manfaatlarini huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilishni kuchaytirish, oilani qo‘llab-quvvatlash, jismonan sog‘lom, maʼnaviy jihatdan yetuk va barkamol avlod yetishtirishda oilaning ijtimoiy-maʼnaviyatini yuksaltirishda uning rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu bilan birga, Germaniya yoshlari va jamoatchiligini o‘zbek xalqi tarixi va madaniyati, respublikaning zamonaviy taraqqiyoti bilan yaqindan tanishtirish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar va akademik aloqalarni mustahkamlashda o‘zbekistonlik talaba yoshlarning ishtiroki muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Odatdagidek turnirdan oldin qurʼa tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda har bir jamoadan ikki nafar vakil qatnashdi. Qurʼa tashlash marosimi zamonaviy futbol tartib-qoidalariga monand tarzda shaffoflik bilan tashkil etildi. Joriy yilgi sport tadbirida 28 jamoa guruhlarga bo‘linib bahs olib borishiga kelishib olindi.

Bosh sovrin uchun o‘tgan 2025-yilgi musobaqaning amaldagi chempioni “FC Real Uragan” turnirning 8 karra g‘olibi “FC München” jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Murosasiz va jangovar kechgan bellashuvda durang natija qayd etildi. Penaltilar bahsida myunxenliklarni qo‘li baland keldi. Turnir so‘ngida sovrindor jamoalarga kubok va medallar bilan bir qatorda, eng yaxshi o‘yinchi, to‘purar va darvozabon nominatsiyalari bo‘yicha diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.

Bundan tashqari, ayollar o‘rtasida voleybol bo‘yicha 4 jamoa ishtirokida musobaqa o‘tkazildi. G‘olib va sovrindor jamoalarga esdalik sovg‘alar topshirildi. Ushbu musobaqa ayollarning sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini yana-da oshirish va salomatliklarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Voleybol musobaqasi ayollar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada rivojlantirishga zamin yaratadi, albatta. O‘smirlar va bolalar uchun arqon tortish, mini golf, arqondan sakrash hamda rasm chizish va boshqa qiziqarli interaktiv faol o‘yinlar uyushtirildi. Ota-onalar esa farzandlarining ijodlaridan va maroqli dam olishlaridan mamnun bo‘lishdi.

Futbol turniri yakunida barcha ishtirokchilar va muxlislar uchun anʼanaviy o‘zbekona milliy dasturxon yozildi. Tadbir o‘zbekistonlik talabalar uchun bo‘sh vaqtlarini foydali va maroqli o‘tkazish, yangi do‘stlar orttirish, shu bilan birga, elchixona diplomatlaridan o‘zlarini qiziqtirgan konsullik, huquqiy va fuqarolik masalalari bo‘yicha savollarga javob olishlari uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish