Logo

Rigada to‘rt davlat hamkorligida Navro‘z bayram tadbiri o‘tkazildi

Mart 19, 2026. 18:34 • 2 daq

95
Rigada to‘rt davlat hamkorligida Navro‘z bayram tadbiri o‘tkazildi

RIGA, 20-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkiya davlatlarining diplomatik vakolatxonalari hamkorligida Navro‘z bayrami munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Riga shahrida o‘tkazilgan ushbu bayram tadbirida Latviya rasmiy doiralari, ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-akademik jamoatchilik vakillari, ishbilarmonlar, shuningdek, o‘zbek madaniy markazi a’zolari va vatandoshlar faol ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan elchixona vakillari Navro‘z umumxalq bayrami ekanini, u azaldan xalqlar o‘rtasida mehr-oqibat, xayru-sahovat, bag‘rikenglik, bunyodkorlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni targ‘ib qilib kelayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, ushbu bayram turli millat va madaniyat vakillarini birlashtiruvchi o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tashi qayd etildi.

Tadbir doirasida ishtirokchi davlatlar tomonidan milliy stendlar tashkil qilinib, ularda har bir xalqning boy tarixi, an’analari va madaniy merosi namoyon etildi. O‘zbekiston stendida esa mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, milliy liboslar, nozik kashtachilik san’ati va xalq amaliy san’atining turli namunalari keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.

Bayramga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishlash maqsadida “Xalqlar do‘stligi” ansambli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qo‘shiqlar mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

To‘rt davlat hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Ishtirokchilar bunday madaniy tadbirlar turli millat vakillarini yaqinlashtirish, o‘zaro hurmat va anglashuvni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish