Shtutgart shahrida O‘zbekiston-Germaniya biznes-forumlari va reklama kampaniyalarini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi
Iyun 03, 2026. 14:25 • 2 daq
• 41
SHTUTGART, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari Shtutgart savdo-sanoat palatasi (IHK) prezidenti Klaus Paal bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida palata prezidenti ishtirokchilarni tashkilot faoliyati bilan tanishtirib, unga a’zo kompaniyalar mashinasozlik, muhandislik, avtomobilsozlik, yuqori texnologiyalar va axborot texnologiyalari sohalarida faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.
Klaus Paal O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanish ekanini bildirib, ularga ijobiy baho berdi hamda palata a’zolarining O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqishini ma’lum qildi.
Bosh konsul Miranshoh Raupov O‘zbekistondagi makroiqtisodiy o‘zgarishlar, iqtisodiy o‘sish sur’atlari va barqarorlik, xorijiy investorlar uchun yaratilgan huquqiy kafolatlar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Suhbat jarayonida Baden-Vyurtemberg federal yeridan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish masalasi ham muhokama qilindi. Shu munosabat bilan qo‘shma reklama kampaniyalarini o‘tkazish va B2B shaklidagi uchrashuvlarini tashkil etish taklif etildi.
Tashqi mehnat migratsiyasi, jumladan, xavfsiz, tartibli va qonuniy tizimni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonlik mutaxassislarni Germaniya mehnat bozori standartlariga muvofiq tizimli tayyorlash va ularni Shtutgart va mintaqaga ishga joylashtirish imkoniyatlari, Germaniyaning dual ta’lim tizimini joriy etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Germaniya tomoni qo‘shma biznes-forumlar va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston elchisi Yaponiya parlamenti Maslahatchilar palatasi raisi bilan uchrashdi

O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar uchun Germaniyada maxsus yozgi o‘quv kurslari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda


