O‘zbekiston diplomatlari Polshaning Lyubin va Krakov shaharlarida vatandoshlar bilan uchrashdi

Iyun 03, 2026. 13:55 • 2 daq

47
O‘zbekiston diplomatlari Polshaning Lyubin va Krakov shaharlarida vatandoshlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston diplomatlari Polshaning Lyubin va Krakov shaharlarida vatandoshlar bilan uchrashdi

VARSHAVA, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari vatandoshlarga konsullik yordami ko‘rsatish maqsadida Polshaning Lyubin va Krakov shaharlarida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida Lyubin huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi hibsga olinishi bilan bog‘liq holat o‘rganildi.

Polsha tomonining ma’lumotiga ko‘ra, hodisa “Biedronka” savdo tarmog‘ining logistika markazi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida sodir bo‘lgan bo‘lib, Tojikiston fuqarosi ishtirokidagi kelishmovchilik bilan bog‘liq.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zaro nizo oqibatida jabrlanuvchiga jismoniy kuch ishlatilib, tan jarohati yetkazilgan. Polsha prokuraturasi tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish va tahdid qilish moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Qayd etilishicha, mazkur ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxslar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

O‘zbekiston elchixonasi vakillari tashrif chog‘ida hibsga olingan fuqarolar bilan uchrashib, ishning holati va ular saqlanayotgan sharoitlar bilan tanishdi. Hibsdagilarning aytishicha, voqea o‘zaro kelishmovchilik oqibatida yuz bergan bo‘lib, ular jabrlanuvchi bilan avvaldan tanish bo‘lgan.

Shuningdek, Krakov shahrida mazkur hududda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlar bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Unda ijtimoiy-maishiy xususiyatga ega masalalar, oilani birlashtirish tartibi muhokama qilinib, Polshaning mehnat va migratsiya qonunchiligi normalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Uchrashuvda qalbaki hujjatlardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik, mezbon mamlakat qonunlariga qat’iy rioya qilish zarurati, vatandoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida milliy qadriyatlar, vatanparvarlik, huquqiy savodxonlik va fuqarolik birdamligini mustahkamlashga qaratilgan axborot-tushuntirish ishlari izchil davom ettirilayotgani ta’kidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish