Logo

Stokgolm shahrida tog‘-kon sanoatida hamkorlikka doir Shvetsiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Mart 14, 2026. 13:00 • 2 daq

1
Stokgolm shahrida tog‘-kon sanoatida hamkorlikka doir Shvetsiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

STOKGOLM, 14-mart. /“Dunyo” AA/. Stokgolm shahrida “Shvetsiya va O‘zbekiston: barqaror tog‘-kon sanoati bo‘yicha hamkorlik istiqbollari” mavzusida qo‘shma biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston elchixonasi va Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Forumda Shvetsiyaning tog‘-kon sanoati, muhandislik, sanoat uskunalari va texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniya va tarmoq tashkilotlar “Epiroc”, “Volvo CE”, “Sandvik”, “SKF”, “EOL Vent”, “LKAB”, “Ericsson”, “Brokk”, SIDA, Swemin, shuningdek O‘zbekiston Tog‘-kon va geologiya vazirligi va yirik korxonalaridan NKMK, OKMK, “O‘zbekko‘mir” vakillari qatnashdi.

Tadbirni Shvetsiyaning Yevroosiyo savdo palatasi bosh direktori Xayens Shyogren olib bordi. Shvetsiya elchisi Tomas Danestad va O‘zbekiston elchisi Raxmatulla Nurimbetov kirish so‘zlari bilan ishtirok etib, ikki mamlakat o‘rtasida sanoat, investitsiya va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini taʼkidladilar.

Forum doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususan tog‘-kon sanoatini modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida taqdimotlar o‘tkazildi.

Shvetsiya tomoni o‘z navbatida mamlakatning konchilik sanoatidagi ilg‘or texnologiyalari, innovatsion yechimlari va ekologik barqaror ishlab chiqarish amaliyoti bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, “LKAB”, “Epiroc”, “SKF”, “Sandvik”, “Brokk AB” o‘zlarining yuqori va barqaror texnologiyalari xususidagi maʼlumotni hamda O‘zbekiston bozorida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha rejalarini taqdim etdi.

Tadbir yakunida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida B2B muzokaralar tashkil etildi. Unda qator yangi hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan texnologiyalar transferi, sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Biznes-forum O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida barqaror tog‘-kon sanoati sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish