Sirdaryoda avtomobilsozlik bo‘yicha o‘quv-trening markazi tashkil etiladi
Fevral 08, 2026. 15:40 • 1 daq
• 54
PEKIN, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. Guliston davlat universiteti rektori Muhsin Hojiyev boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi doirasida “Beifang” avtomobilsozlik kasb-hunar taʼlimi muassasasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarda taʼlim, ilmiy-amaliy hamkorlik, tajriba almashish va kadrlar tayyorlash sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida Guliston davlat universiteti va “Beifang Automotive Education Group” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu hujjat avtomobilsozlik sohasida professional taʼlimni rivojlantirish va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.
Unga ko‘ra, Guliston davlat universiteti qoshida xalqaro standartlarga javob beradigan avtomobilsozlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv-trening markazi tashkil etish, uni zamonaviy laboratoriyalar va o‘quv infratuzilmasi bilan jihozlash, hamkorlikda o‘quv rejalari va o‘quv-uslubiy materiallarni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar almashinuvi mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, Xitoyda malaka oshirish va stajirovkalarni tashkil etish, bitiruvchilarga xalqaro sertifikat va malaka berish rejalashtirilmoqda.
Mazkur memorandumning tatbiq etilishi professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik harakatchanligini rivojlantirish, qo‘shma taʼlim va ilmiy loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari “Beifang” professional-texnik taʼlim muassasasining moddiy-texnik bazasi, zamonaviy laboratoriyalari va ilmiy-innovatsion faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi hamda uning imkoniyatlari namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
