O‘zbekiston va Buyuk Britaniya mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirishda hamkorlik qiladi
Mart 06, 2026. 11:51 • 2 daq
• 198BRENTVUD, 6-mart. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyada xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi o‘rinbosari Jovdat Inag‘amov boshchiligidagi delegatsiya Esseks grafligining Brentvud shahri mahalliy boshqaruv kengashi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotning asosiy mavzusi mahalliy boshqaruv sohasida o‘zaro tajriba almashish va ikki davlatning fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish tizimlari o‘rtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida Britaniya tomoniga O‘zbekistondagi mahalla institutining o‘ziga xos jihatlari va so‘nggi yillarda ushbu tizimga berilgan keng vakolatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, mahallaning aholi muammolarini hal etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlashdagi roli xorijlik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Muhokamalar davomida har ikki boshqaruv tizimining afzalliklari tahlil qilindi. O‘zbekiston tizimida mahallaning xalqqa yaqinligi va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlashdagi o‘rni yuqori baholandi. Britaniya tizimidagi institusional boshqaruv, moliyaviy mustaqillik va vakolatlarning aniq taqsimlanishi o‘zbek delegatsiyasi tomonidan diqqat bilan o‘rganildi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro tajriba almashishni tizimli davom ettirish, qo‘shma seminarlar va amaliy tashriflarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur muloqot mahalliy boshqaruvni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va jamoat manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


