Toshkentda “Italiya - Markaziy Osiyo – Ozarbayjon” formatida nufuzli agrobiznes forumi bo‘lib o‘tadi
Mart 23, 2026. 12:00 • 2 daq
• 103
TOSHKENT, 23-mart. /“Dunyo” AA/. 23-24-mart kunlari Toshkentda Italiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon ishtirokida “Barqaror agroekotizimlar uchun innovatsiyalar, regenerativ qishloq xo‘jaligi, eksport va raqamlashtirish” mavzusida xalqaro agrobiznes-forum bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobridjida, shuningdek Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari qishloq xo‘jaligi vazirlari va vazir o‘rinbosarlari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Italiya tomonidan yuqori iqtisodiy salohiyatga ega yetakchi kompaniya va tashkilotlarning 120 dan ortiq vakillari ishtirok etadi. Ular orasida ICE (Italiya savdo agentligi), SACE (Italiya eksport-kredit agentligi) va SIMEST (Italiya davlat investitsiya agentligi) kabi tuzilmalar rahbarlari, yetakchi tarmoq birlashmalari – “FederUnacoma” (Italiya qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi), “Confagricoltura” (Qishloq xo‘jaligi bosh konfederatsiyasi), “Confindustria” (Sanoat bosh konfederatsiyasi), shuningdek, CDP (Depozit-kredit kassasi) hamda yillik aylanmasi 100 million yevrodan yuqori bo‘lgan yirik kompaniyalar – “CNH”, “Agco Italia”, “Granarolo”, “UNITEC” va “Annovi Reverberi” vakillari bor.
Forum doirasida B2B va B2G formatidagi uchrashuvlar, shuningdek, tematik davra suhbatlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, “Confagricoltura” va “Fruitimprese” yirik ish beruvchilari ishtirokida fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish, Tushiya, Bari, Piza, Ferrari, Paviya va Turin universitetlari ishtirokida taʼlim va ilm-fan sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilinadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi