Logo

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Navro‘z keng nishonlandi

Mart 26, 2026. 19:22 • 2 daq

74
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Navro‘z keng nishonlandi

TOSHKENT, 27-mart. /"Dunyo" AA/. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida umumxalq bayrami - Navro‘zi olam munosabati bilan “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Ozarbayjon, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Turkiya davlatlarining favqulodda va muxtor elchilari, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda mehmonlar ishtirok etdi.

Bayram dasturi tantanali ochilish marosimi bilan boshlanib, davlat madhiyasi ijrosi yangradi. Shundan so‘ng universitet rektori Sodiq Safoyev ishtirokchilarni tabriklab, Navro‘zning xalqlarni birlashtiruvchi, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlovchi ahamiyatini ta’kidladi.

Tadbir davomida turli mamlakatlarning boy madaniy merosini aks ettiruvchi chiqishlar namoyish etildi. Xususan, Ozarbayjonning “Kos-kosa” xalq o‘yini, Turkmaniston milliy qo‘shiqlari, Qozog‘istonning dombra kuylari, Tojikistonning “Gul sayli” an’analari va milliy raqslari, Qirg‘izistonning ko‘chmanchi madaniyatiga oid chiqishlar hamda Turkiyaning “Nevruz” marosimlari sahnalashtirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston milliy laparlari va jonli ijrolari tadbirga alohida ruh bag‘ishladi.

Yakuniy qismida universitet hududida bayram sayli tashkil etilib, mehmonlarga milliy taomlar, madaniy ko‘rgazmalar va interaktiv dasturlar taqdim etildi.

Tadbir Navro‘zning asosiy g‘oyalari -do‘stlik, hamjihatlik, madaniy xilma-xillik va o‘zaro hurmatni yana bir bor namoyon etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish