Venada O‘zbekiston ishtirokida uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tadbir o‘tkazildi
Noyabr 12, 2026. 15:30 • 2 daq
• 48
VЕNA, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Avstriya poytaxtida BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 13-sessiyasi doirasida xalqaro tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Harakatlarni faollashtirish: uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi yutuqlar va imkoniyatlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Buyuk Britaniya va Gana bilan birgalikda hamtashkilotchi sifatida ishtirok etdi. Tadbir BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ko‘magida o‘tkazildi.
Xalqaro anjumanda davlat organlari va xalqaro tashkilotlar vakillari, soha mutaxassislari transmilliy uyushgan jinoyatchilikning zamonaviy tahdidlari, ularga qarshi kurashishning samarali mexanizmlari hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Tadbirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy xavfsizlik mexanizmlarini takomillashtirish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishning kompleks yondashuvini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollar nazorati agentligi direktori o‘rinbosari Jobir Azimov jinoiy tarmoqlarning tobora murakkablashib borayotgani, raqamli platformalar, zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari va yangi moliyaviy vositalardan foydalanish ko‘lami kengayayotgani ushbu tahdidlarga qarshi davlatlarning muvofiqlashgan harakatlarini talab etishini ta’kidladi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish milliy strategiyasini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi. Mazkur hujjat uyushgan jinoyatchilik tahdidlarini erta aniqlash, huquqni muhofaza qiluvchi va profilaktika mexanizmlari samaradorligini oshirish, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash hamda aniq va o‘lchanadigan natijalarga erishishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tadbir doirasida Samarqand deklaratsiyasining taqdimoti ham o‘tkazilib, unda transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish va davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan yondashuvlar aks ettirildi.
Muhokamalar davomida moliyaviy tergovlar samaradorligini oshirish, jinoiy aktivlarni qaytarish, tahdidlarni tahliliy baholash, fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etish va jabrlanuvchilarni himoya qilish kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yildan buyon tashkilot 26 ta davlat va mintaqaviy tuzilmaga uyushgan jinoyatchilikka qarshi kompleks strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ko‘maklashgan.
Tadbir yakunida transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish milliy chora-tadbirlar bilan bir qatorda o‘zaro ishonch, umumiy mas’uliyat va amaliy natijalarga asoslangan barqaror xalqaro hamkorlikni talab etishi ta’kidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi