O‘zbekiston Prezidenti Belarus Bosh vazirini qabul qildi
Fevral 24, 2026. 19:21 • 46 soniya
• 41
TOSHKENT, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yana-da kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikda, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada yuqori darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 25 foizga o‘sib, qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Yetakchi kompaniyalarning ustuvor tarmoqlardagi kooperatsiyasi kengayib bormoqda.
Mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish orqali iqtisodiy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish muhim ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
