Yaponiyaning Osaka shahridagi reklama ekranlarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda

Noyabr 01, 2026. 09:10 • 2 daq

• 137
Yaponiyaning Osaka shahridagi reklama ekranlarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda

OSAKA, 1-noyabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Osaka shahridagi eng gavjum turistik hududlardan biri — Namba–Dotonbori ko‘chasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyishi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Reklama kampaniyasi O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan 26-oktabrdan 1-noyabrga qadar o‘tkazilmoqda. Davomiyligi 15 soniya bo‘lgan videoroliklar har kuni soat 08:00 dan 24:00 ga qadar soatiga to‘rt marta translyatsiya qilinmoqda.

“Ipak yo‘li yuragi – O‘zbekistonga xush kelibsiz!” mavzusidagi videoroliklar tomoshabinlarni Samarqand, Buxoro va Xivaning boy tarixiy-madaniy merosi, noyob arxitektura yodgorliklari hamda mamlakatning zamonaviy turistik infratuzilmasi bilan tanishtiradi.

Namba–Dotonbori Osaka va Kansay mintaqasining eng mashhur turistik markazlaridan biri hisoblanadi. U ko‘plab restoranlar, do‘konlar, ko‘ngilochar maskanlar va yorqin reklama lavhalarga boyligi bilan ajralib turadi.

Mazkur reklama kampaniyasi O‘zbekistonning Yaponiya sayyohlik bozoridagi taniqligini oshirish, mamlakatimizning turistik imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish va yapon sayyohlarini jalb etishga qaratilgan.

Yaponiya O‘zbekiston uchun istiqbolli turistik hamkorlardan biri sanaladi. 2025-yilda O‘zbekistonga 32 mingdan ortiq Yaponiya fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida bu ko‘rsatkich 36 mingdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53,3 foizga o‘sdi.

Namba–Dotonbori chorrahasidan har kuni 200 mingdan ziyod, dam olish kunlari esa bir milliondan ortiq odam o‘tadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish