Polshaning yirik kompaniyasi o‘zbekistonlik talabalar uchun amaliyot va ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytiradi

Avgust 10, 2026. 14:30 • 3 daq

46

VARSHAVA, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz diplomatlari Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yangi sabzavotlar ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi eng yirik kompaniyalardan biri — “Green Crops” rahbari Kshishtof Rujiskiy bilan uchrashdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va “Green Crops” o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, agrar soha uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda talabalarning o‘quv-amaliy stajirovka o‘tashi uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Kshishtof Rujiskiyning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda “AgriCool” grant loyihasi doirasida O‘zbekistondan 60 nafardan ortiq talaba va irrigatsiya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassis-o‘qituvchilar “Green Crops” kompaniyasida haq to‘lanadigan o‘quv-amaliy stajirovka o‘tamoqdalar. U o‘zbekistonlik talaba va mutaxassislarning kompaniya faoliyatidagi ishtiroki ish jarayonlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatayotganini taʼkidladi.

Kompaniya rahbari ushbu amaliyotni yana-da kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirib, 2027-yilda 200 nafarga yaqin xodimni jalb etish rejalashtirilganini maʼlum qildi. Shu munosabat bilan joriy yilning sentyabr oyida “Green Crops” kompaniyasi rahbari boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, Elchixona delegatsiyasi “AgriCool” loyihasi doirasida joriy yilda “Green Crops” kompaniyasida stajirovka o‘tayotgan o‘zbekistonlik talabalar hamda ushbu hududda istiqomat qilayotgan vatandoshlar yashayotgan maskanga tashrif buyurdi. O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ular uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbir avvalida ishtirokchilarga mamlakat rahbariyati tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga sifatli taʼlim berish va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, shuningdek, xorijda bilim va amaliy tajriba orttirishi uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirning madaniy qismida ishtirokchilar o‘zbek adabiyoti namunalaridan sheʼrlar o‘qidilar, milliy qo‘shiqlarni ijro etib, o‘zbek xalq raqslarini namoyish etdilar.

Shuningdek, vatandoshlar bilan samimiy va mazmunli muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda milliy qadriyat va anʼanalarni asrab-avaylash, yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasini mustahkamlash, o‘sib kelayotgan avlodda yuqori madaniy va vatanparvarlik qadriyatlarini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi.

Tadbir doirasida “Green Crops” kompaniyasi vakili Matsey o‘z taassurotlarini o‘rtoqlashdi:

— Assalomu alaykum! Men “Green Crops” kompaniyasi vakiliman. O‘zbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “AgriCool” dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Avvalambor, O‘zbekiston elchixonasi delegatsiyasiga tashrif va O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirni tashkil etishdagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.

Ayniqsa, “AgriCool” dasturi doirasida Polshaga amaliyot o‘tash uchun kelgan barcha o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashish, ularni qo‘llab-quvvatlash, zarur yordam ko‘rsatish va anʼanaviy polshacha mehmondo‘stlik bilan kutib olish imkoniyatiga ega bo‘lganimiz juda muhimdir.

O‘zbekiston va Polshaning o‘zaro aloqalarni yana-da mustahkamlash hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan intilishini yaqqol namoyish etgan ushbu tadbirda ishtirok etishdan juda mamnunman.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish