Hindistonning yetakchi biznes nashri yangilangan «O‘zbekiston – 2030» Strategiyasi haqida tahliliy maqola chop etdi
Aprel 09, 2026. 09:00 • 3 daq
• 58
DEHLI, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. Hindistonning nufuzli «The Economic Times» gazetasi O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangilangan milliy rivojlanish strategiyasiga bag‘ishlangan keng qamrovli maqola chop etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekiston rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning uzoqni ko‘zlovchi xususiyati alohida qayd etilgan. Unda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi milliy yangilanish jarayonining majmuaviy rejasi bo‘lib, mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi muhim bosqichni ifodalayotgani taʼkidlangan.
«The Economic Times» O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 100 ta aniq maqsad tasdiqlangani va ularning ijrosi 2030-yilga qadar har yili baholab borilishiga eʼtibor qaratgan. Har bir maqsad bo‘yicha masʼul idoralar, amalga oshirish mexanizmlari va moliyalashtirish manbalari belgilangan.
«Bu hisobdorlik va shaffoflikka asoslangan boshqaruv modelini yaratadi», deb yozadi gazeta.
Xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha sheriklar jarayonni kuzatib borish, hisobotlar bilan tanishish hamda ekspertlik bilimlarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa tashqi qo‘llab-quvvatlashni jalb qiladi va ishonchni mustahkamlaydi.
Nashrda strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari batafsil tahlil qilingan.
Inson salohiyatini rivojlantirish sohasida 44 ta maqsad jamlangan. Ular qatorida maktabgacha taʼlim qamrovini 80 foizga yetkazish, o‘qituvchilar maoshini ikki baravar oshirish, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, shuningdek, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda 7 million yoshlarni chet tillariga o‘qitish va 3 million fuqaroni zamonaviy kasblarga tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish uchun mamlakat 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 145 milliard dollardan 240 milliard dollardan ziyodga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIMni esa 3,8 ming dollardan 5,8 ming dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Avtomobil ishlab chiqarishni 1 million donaga yetkazish va 400 ta strategik loyiha doirasida 150 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb qilish rejalari nashrda alohida qiziqish uyg‘otgan.
Qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish va issiqxona gazlari chiqindilarini 35 foizga kamaytirish maqsadi belgilangan.
Bundan tashqari, gazeta qonun ustuvorligini kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish va elektron davlat xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar haqida ham yozgan.
Hindiston gazetasi Strategiya xalqaro standartlarga va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos kelishini, O‘zbekistonni global kun tartibining faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishini urg‘ulagan.
«The Economic Times» sharhlovchisi maqolani «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi yuksak marralar hamda natijaga yo‘naltirilgan tizimli yondashuv uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Mamlakat tarqoq tashabbuslar o‘rniga muvofiqlashtirilgan, hisobdor va uzoq muddatli transformatsiya dasturini amalga oshirmoqda», degan eʼtirof bilan yakunlagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi