Logo

Venada o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi

Fevral 11, 2026. 13:45 • 2 daq

Venada o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Venada o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Venada o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Venada o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi

VENA, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. Vena shahrida BMT xodimlari va Avstriya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida batafsil taqdimot o‘tkazdi. Unda, narkotik vositalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish va ularning tarqalishining oldini olish, giyohvandlik, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida milliy siyosat va qonunchilikni ishlab chiqish hamda takomillashtirishda davlatlarga texnik yordam ko‘rsatish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashishning global tizimini mustahkamlashga qaratilgan xalqaro konvensiya va bitimlar ijrosini monitoring qilish va ularga ko‘maklashish mexanizmlari yoritib berildi.

Uchrashuvning alohida bir qismi BMT tizimidagi taʼlim va kasbiy imkoniyatlarga bag‘ishlandi. Talabalarga Tashkilot faoliyatining turli sohalarida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha amaldagi o‘quv dasturlari, treninglar, amaliyotlar va tashabbuslar haqida maʼlumot berildi. Ishtirokchilar xalqaro tuzilmalarga ishga joylashish, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va BMT tizimidagi martaba yo‘nalishlari bo‘yicha tushuntirishlar oldi.

Tadbir doirasida buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi ham keng nishonlandi. Ishtirokchilar Navoiyning jahon adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi, boy maʼnaviy-maʼrifiy merosini yodga oldilar. Vena milliy kutubxonasida buyuk shoir qo‘lyozmalarining nusxalari saqlanayotgani, uning asarlarini o‘rganish madaniy merosni asrab-avaylashning muhim qismi ekani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar bunday tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazish maqsadga muvofiqligi taʼkidli, doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish