Logo

Malayziyada yosh vatandoshlar bilan davra suhbati tashkil etildi

Yanvar 27, 2026. 09:00 • 2 daq

223
Malayziyada yosh vatandoshlar bilan davra suhbati tashkil etildi

KUALA-LUMPUR, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi delegatsiyaning Kuala-Lumpur shahriga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida mamlakatimiz Elchixonasida Malayziyada tahsil olayotgan yosh vatandoshlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Kuala-Lumpur shahridagi vakillari ham qatnashdi.

Ishtirokchilarga Feruza Eshmatova inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, Ombudsman faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi. Xususan, 2025-yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 26 ming murojaat kelib tushgani taʼkidlandi.

Mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishi va taʼlim-tarbiya olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani, xorijda taʼlim olayotgan yigit-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani eʼtirof etildi.

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Malayziyadagi vakili Farhod Oxunov tashkilot faoliyati xususida to‘xtalib, Malayziyadagi yosh vatandoshlarimizni birlashtirish, ularning muammolarini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi

“Hozirda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Malayziyadagi kordinatoriman. Bugun O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova bilan uchrashuvda o‘zim uchun ko‘p foydali maʼlumotlarga ega bo‘ldim. O‘zaro muloqot davomida yoshlarga berilayotgan imtiyozlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida fikr almashdik. Bizni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli tavsiya va maslahatlar oldik. O‘z takliflarimizni ham bildirdik”, deydi Malayziyadagi “Xiamen” universiteti talabasi Ibrohim Normuxamedov.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo AA

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish