Logo

Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Yanvar 27, 2026. 08:15 • 2 daq

315
Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi

ANQARA, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Xorijdagi turklar va etnik jamoalar ishlari boshqarmasida Anqara o‘zbek talabalari uyushmasi kengashi aʼzolari hamda Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbek yoshlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xorijdagi turklar va etnik jamoalar ishlari boshqarmasi (YTB) – Turkiya Madaniyat va turizm vazirligiga huzuridagi o‘z byudjetiga ega davlat tashkiloti hisoblanadi. Ayni paytda 3 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba ushbu tashkilot stipendiati hisoblanadi.

Muloqotda ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parlament va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar hamda ilgari surilgan muhim tashabbuslar haqida maʼlumot berildi.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va isteʼdodini ro‘yobga chiqarishi borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Anqara universiteti talabalari – Umidjon Yakubov (veterinariya fakulteti) hamda Sardorxon Xamidov (kompyuter muhandisligi fakulteti) yurtimizdagi veterinariya sohasini yanada takomillashtirish maqsadida maxsus startap loyiha (Myvet.uz) ustida ishlayotganini maʼlum qildi.

Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad – nafaqat veterinariya sohasi mutaxassislariga, balki uy hayvoni egalariga ham qulaylik yaratish, hayvonlarni qayd etish va chorvachilik sohasida elektron tizim yaratishdir. Hozirda mazkur startap loyiha telegram-bot ko‘rinishda, test rejimida ishlamoqda. Kelgusida ushbu loyiha platforma ko‘rinishida taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Gazi universiteti tibbiyot fakulteti talabasi Raximjon Raximjonov ortiqcha vazn va uning zararlariga to‘xtalib, jahon hamjamiyatida “global semizlik tahdidi” tushunchasi mavjudligi va semizlikning yomon oqibatlarga olib kelishi yuzasidan maʼlumot berdi.

Anqaradagi Yildirim Bayazit universiteti talabasi Nurmuhammad Qobiljonov esa zargarlik yo‘nalishida taʼlim olayotganini maʼlum qilib, Turkiyaning zargarlik sohasidagi tajribalarni qo‘llagan holda o‘zbek milliy zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatida ekanini taʼkidladi. 

Tadbir davomida talabalar vatandoshlar bilan tizimli va doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, startap loyihalarni moliyalashtirish, nufuzli grant loyihalarda ishtirok etish, xorijdagi boshqa o‘zbekistonlik yoshlar bilan aloqa o‘rnatish borasida fikr-mulohaza almashdi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo AA

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish