O‘zbekiston, Germaniya va Turkiya ishbilarmonlari o‘rtasida biznes-forum tashkil etiladi

May 22, 2026. 09:25 • 2 daq

113
O‘zbekiston, Germaniya va Turkiya ishbilarmonlari o‘rtasida biznes-forum tashkil etiladi

FRANKFURT-MAYN, 22-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasida Germaniya–Turkiya biznes-hamjamiyati rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston, Germaniya va Turkiya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi uch tomonlama samarali ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik munosabatlarini o‘rnatish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda asosiy eʼtibor ikki mamlakat tadbirkorlari, tarmoq uyushmalari va vakillari ishtirokida qo‘shma biznes-forum tashkil etishga qaratildi. Tomonlar ushbu tadbir O‘zbekistonning investitsiyaviy va eksport salohiyatini Germaniyaning nufuzli sanoat markazlarida keng namoyish etish uchun qulay imkoniyat ekanini taʼkidladi.

Muloqot jarayonida amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, shu yilning oktyabr oyida DTGB delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifi uyushtiriladi. Mazkur safar doirasida yurtimiz tadbirkorlari bilan uchrashuvlar, yangi sheriklar izlash va o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy shartnomalar tuzish yuzasidan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Frankfurt-Mayn shahrida ushbu birlashmaga aʼzo bo‘lgan 150 ga yaqin yetakchi kompaniyalarni jalb etgan holda yirik biznes-forum o‘tkaziladi. Ushbu anjumanda O‘zbekistonning investitsiyaviy muhiti va turizm jozibadorligi keng qamrovli taqdimotlar orqali nemis va turk sarmoyadorlari eʼtiboriga havola etilishi ko‘zda tutilgan.

2001-yilda tashkil etilgan DTGB birlashmasi Germaniya, Turkiya va boshqa xorijiy hamkorlar o‘rtasidagi savdo-investitsiyaviy aloqalarni qo‘llab-quvvatlovchi yirik tuzilmalardan biri hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish