Dohadan munosabat: Islom sivilizatsiyasi markazi Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi
Mart 19, 2026. 09:00 • 2 daq
• 55
DOHA, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Qatar Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Sivilizatsiyalar ittifoqi qo‘mitasi xodimi, professor Novzad Abdurahmon Al-Hiytiy O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan tabrik yo‘lladi:
– Avvalo, barcha o‘zbek xalqini, qolaversa, butun islom olamini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi bilan chin dildan qutlayman.
Global beqarorlik hukm surayotgan bugungi sharoitda Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi islom olami madaniyatini targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega. U Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu majmua islom olamining yetakchi ilmiy-maʼrifiy muassasalaridan biriga aylanishi, xilma-xillik, plyuralizm, hamjihatlik va o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlashi shubhasiz.
Markaz faoliyati O‘zbekistonning sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishdagi rolini yana-da kuchaytiradi. Shu bilan birga, tinchlik va bag‘rikenglik tamoyillarini targ‘ib qilishga ko‘maklashadi, ekstremizm va murosasizlikka qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi Qatar, umuman, arab olami uchun sivilizatsiyalar va dinlararo muloqot yo‘nalishida faoliyat yurituvchi, ilmiy markazlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda keng imkoniyat yaratadi.
Eng muhimi, ushbu yangi markaz islom olamining jahon sivilizatsiya maydonidagi nufuzini yana-da mustahkamlab, dunyo xalqlari o‘rtasida tinchlik va o‘zaro anglashuv madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi