Qatardan munosabat: O‘zbekiston–Pokiston o‘zaro hamkorlikdan ishonchli mintaqaviy sherik davlatlarga aylanmoqda
Fevral 07, 2026. 09:00 • 3 daq
• 9
DOHA, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. Qatardagi “Asian Telegraph” yangiliklar platformaci asoschisi, ekspert Ashraf Siddiqui “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston yetakchisining Pokistonga davlat tashrifi, ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro do‘stlik rishtalari va tobora yuksalayotgan hamkorlik aloqalari xususida fikr bildirdi:
– Ko‘p yillardan buyon Janubiy va Markaziy Osiyodagi jarayonlarni kuzatib kelayotgan tahlilchi sifatida ochiq aytishim mumkin: O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi protokol hodisa emas, balki mintaqa uchun strategik signaldir. Shu bilan birga, signal bir vaqtning o‘zida bir nechta darajada – siyosiy, iqtisodiy va, ayniqsa, bugungi kunda xavfsizlik sohasida muhimdir.
Islomobod aeroportida O‘zbekiston rahbarini shaxsan Pokiston Prezidenti Osif Ali Zardoriy va Bosh vaziri Shahboz Sharif kutib olganining o‘ziyoq ko‘p narsadan dalolat beradi. Diplomatiyada bunday tafsilotlar tasodifiy bo‘lmaydi. Bu O‘zbekistonning Markaziy Osiyoning asosiy aktorlaridan biri va Pokiston uzoq muddatli hisob-kitoblar bilan bog‘laydigan hamkor sifatidagi roliga alohida hurmat va eʼtirofning namoyishidir.
Tashrifning mazmunli qismi bu taassurotni yanada kuchaytirdi. Tor doiradagi muzokaralar, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi, muloqotlarning boy dasturi – bularning barchasi Toshkent va Islomobod deklaratsiyalardan institutsional strategik sheriklikka o‘tayotganidan dalolat beradi.
Fikrimcha, Xavfsizlik va harbiy hamkorlik bloki alohida eʼtiborga loyiq. O‘zbekiston Prezidentining “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasi bosh qarorgohiga tashrifi va feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuvi tomonlar xavfsizlikni boshqa barcha loyihalarning poydevori sifatida ko‘rayotganining bevosita tasdig‘idir.
Harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga kelishib olingani ayni muddao bo‘ldi. Bu – tajriba almashish va kadrlar tayyorlashdan tortib mudofaa sanoati komplekslari kooperatsiyasigacha bo‘lgan tizimli yondashuvni anglatadi.
Muhimi, tomonlar xavfsizlikni infratuzilma bilan bevosita bog‘lamoqda. Transport yo‘laklari, energetika obyektlari va logistika tugunlarini himoya qilish bugungi kunda harbiy va razvedka hamkorligidan ajralmasdir.
Uzoq muddatli mintaqaviy dinamika nuqtai nazaridan Transafg‘on temir yo‘li asosiy loyiha bo‘lib qolmoqda. Aynan shu loyiha mintaqaning iqtisodiy geografiyasini o‘zgartirishga qodir ekaniga ishonchim komil. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik – O‘zbekiston uchun Pokiston dengiz portlariga chiqish, Pokiston uchun esa Markaziy Osiyo bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beradi.
Biroq, bu yerda xomxayollarga berilmaslik kerak: transafg‘on koridorini amalga oshirish Afg‘onistonda minimal barqarorlik darajasisiz mumkin emas. Aynan shuning uchun Toshkent va Islomobod Afg‘oniston yo‘nalishiga balandparvoz shiorlarsiz, ammo pragmatik hisob-kitob bilan kelishilgan yondashuvlardan obyektiv manfaatdor.
Yevroosiyo aloqalarining kengroq arxitekturasiga mos keladigan “Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” yo‘lagi ham muhim ahamiyatga ega. Umuman olganda, ushbu yo‘nalishlar O‘zbekiston va Pokistonni nafaqat hamkorlarga, balki yangi mintaqaviy logistika tugun davlatlariga aylantiradi.
Tashrifning iqtisodiy qismi mintaqa uchun kamdan-kam uchraydigan o‘ziga xoslikni namoyish etadi. Qariyb 500 million dollarlik tovar ayirboshlash – bu jiddiy, ammo 2 milliard dollarlik maqsad va 3,5 milliard dollarlik loyihalar portfeli muhimroqdir. Bu yerda biz savdodan qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiyaga o‘tishni ko‘ramiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
