Xitoydan munosabat: Toshkent va Islomobod mintaqaviy integratsiya mexanizmlarini shakllantirishda katta imkoniyatga ega
Fevral 07, 2026. 10:30 • 3 daq
• 69
SHANXAY, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. Shanxay global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar akademiyasi direktori, professor Yan Chen “Dunyo” AA uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari haqida fikr bildirdi:
– Tashrif izchil faollashib borayotgan O‘zbekiston–Pokiston muloqotining mantiqiy davomi va ayni paytda O‘zbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga qaratilgan tashqi siyosiy strategiyasini amalga oshirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Toshkent va Islomobod mintaqaviy integratsiya va birgalikdagi iqtisodiy o‘sishning barqaror mexanizmlarini shakllantirish uchun noyob salohiyatga ega.
Dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekistonning geografik joylashuviga tarkibiy cheklov sifatida emas, balki strategik chaqiriq va geoiqtisodiy amalga oshirish imkoniyati sifatida qarash kerak. Shu nuqtai nazardan, Pokiston Arabiston dengiziga chiqish imkoniyatiga, Karachi va Gvadar kabi muhim portlarga ega bo‘lib, O‘zbekiston uchun global savdo yo‘nalishlariga istiqbolli kirishni taʼminlaydi.
Davlat rahbarlari strategik muloqot va keng ko‘lamli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam siyosiy asos yaratib, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va amaliy tashabbuslarni ilgari surishda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda.
O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada ekanini davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan sammitlari ham yaqqol tasdiqlab turibdi. Ushbu uchrashuvlar ikki tomonning savdo-iqtisodiy, energetika, sanoat, taʼlim, madaniyat, turizm va odamlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qamrab olgan ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan intilishini namoyish etdi.
Davlat tashrifi doirasida Qo‘shma deklaratsiya va Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi protokolning imzolanishi ikki mamlakat o‘rtasida barqaror iqtisodiy ko‘prikni shakllantirish uchun mustahkam institutsional asos yaratadi. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, geologiya, farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati, boshqa qator istiqbolli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarning salmoqli portfeli shakllantirilgan.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi demografik va iqtisodiy tafovutlar bir-birini to‘ldiruvchi hamkorlik uchun sharoit yaratadi. 300 millionga yaqin aholiga ega bo‘lgan umumiy bozor nafaqat katta isteʼmol salohiyatini, balki qudratli inson kapitalini ham ifodalaydi. Bog‘liqlikning chuqurlashuvi mintaqadagi eng yirik mehnat va intellektual klasterlardan birining shakllanishiga olib kelishi mumkin.
Ikki tomonlama kun tartibida savdo va iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishning muhim omili sifatida transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan holda, tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishdan obyektiv manfaatdor, Pokiston esa dunyodagi eng muhim dengiz savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan. Shu maʼnoda, Gvadar porti mintaqaviy logistika va tranzit uchun katta imkoniyatlar ochadi.
Ushbu salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan Transafg‘on transport yo‘lagi doirasida Afg‘oniston orqali quruqlikdagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish prinsipial ahamiyatga ega. Transport infratuzilmasini rivojlantirish nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga, biznes, logistika va bozorlar integratsiyasi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston bu borada ichki va tashqi bozorlarga tezkor, ishonchli va xavfsiz chiqishni taʼminlaydigan muhim tranzit bo‘g‘ini hisoblanadi. Shu maʼnoda, Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini jadallashtirish, mintaqaning iqtisodiy geografiyasini tubdan o‘zgartirishga qodir bo‘lgan “Pokiston–Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” transport yo‘lagini ilgari surish alohida ahamiyat kasb etadi.
Madaniy-gumanitar sohadagi tizimli hamkorlikni rivojlantirish masalalari alohida eʼtiborga loyiq. Islomobod shahridagi ko‘chalardan biriga “Toshkent” nomini berish va Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bog‘ni tashkil etish tashabbuslari ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida tarixiy xotira, madaniy yaqinlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishda muhim ramziy maʼnoga ega.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
