Logo

Pokistondan munosabat: O‘zbekiston va Pokistonning Tinchlik kengashidagi ishtiroki ushbu davlatlarning global siyosatda ham hamkorligidan dalolatdir

Fevral 23, 2026. 09:00 • 2 daq

79
Pokistondan munosabat: O‘zbekiston va Pokistonning Tinchlik kengashidagi ishtiroki ushbu davlatlarning global siyosatda ham hamkorligidan dalolatdir

ISLOMOBOD, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Islomobod mintaqaviy tadqiqotlar instituti prezidenti, elchi Jauxar Salim O‘zbekiston yetakchisining 17–19-fevral kunlari AQShda bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi ishtiroki xususida fikr bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishdagi ishtiroki mintaqaviy diplomatiya transformatsiyasining muhim bosqichi bo‘lib, xalqaro xavfsizlikning yangi arxitekturasi shakllanayotganini ko‘rsatadi. Mazkur tashabbusning yo‘lga qo‘yilishi jahon tizimi institutsional qayta tiklash davrini boshdan kechirayotganini anglatadi – u uzoq muddatli institutga aylanadimi yoki tajriba maydoni sifatida qoladimi, bundan qatʼiy nazar.

O‘zbekiston va Pokistonning bir vaqtning o‘zidagi Tinchlik kengashidagi ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi. Har ikki davlat Markaziy va Janubiy Osiyoni o‘zaro bog‘lab turgan asosiy davlatlar hisoblandi hamda so‘nggi yillarda strategik sheriklikni sezilarli darajada mustahkamladi. Mamlakatlarimizning Tinchlik kengashidagi ishtiroki O‘zbekiston–Pokiston hamkorligi kun tartibini savdo va tranzitdan tinchlikparvarlik va diplomatik muvofiqlashtirish darajasigacha kengaytiradi.

Birinchi majlisning G‘azo sektorini tiklashga qaratilgani siyosiy nufuzga ega musulmon davlatlarning ishtirokini obyektiv ravishda taqozo etadi. Pokiston anʼanaviy ravishda Falastin masalasida faol pozitsiyani egallab keladi, O‘zbekiston esa mojaroli hududlarni barqarorlashtirishga nisbatan muvozanatli va pragmatik yondashuvni namoyon etmoqda. Ularning qo‘shma ishtiroki mojarodan keyingi tiklanish muhokamalarida mintaqalarimiz mamlakatlari ovozini kuchaytiradi.

Rasmiy Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar nuqtai nazaridan, mazkur tashabbus global maydonlarda muvofiqlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Pokiston portlariga olib chiquvchi transport yo‘laklari bilan bir qatorda, xalqaro tinchlikparvar loyihalarida birgalikda ishtirok etish salohiyati paydo bo‘lmoqda, bu esa o‘zaro ishonchni mustahkamlab, siyosiy muloqotni kengaytiradi.

Kengroq mintaqaviy kontekstda ikki davlatning uyg‘un ishtiroki Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida yangi hamkorlik vektori shakllanayotganini aks ettiradi. Bu ayniqsa Afg‘oniston va Yaqin Sharqdagi beqarorlik fonida dolzarbdir. Yangi tuzilmaning qaror qabul qilish mexanizmlari va moliyalashtirish masalalariga oid savollar saqlanib qolayotganiga qaramay, O‘zbekiston va Pokistonning ushbu tuzilmada ishtirok etishi ushbu davlatlarning global siyosatda yanada faol va masʼuliyatli rol o‘ynashga intilayotganini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish