Pokistondan munosabat: O‘zbekistonning Tinchlik kengashi sammitidagi ishtiroki mamlakatning xalqaro jarayonlardagi rolini yana-da mustahkamlamoqda
Fevral 21, 2026. 09:10 • 2 daq
• 143
ISLOMOBOD, 21-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning Quayde-Aʼzam universitetining siyosat va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani, professor Zafar Navaz Jaspal O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17–19-fevral kunlari AQSHga tashrifi va Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi ishtiroki xususida fikr-mulohazani bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan Tinchlik kengashining birinchi sammitida ishtiroki ikki tomonlama diplomatiya doirasidan ancha keng ahamiyat kasb etadi. Bu tashrif jahon siyosatida noaniqlik kuchayib borayotgan sharoitda rasmiy Toshkentning xalqaro jarayonlarda masʼuliyatli va konstruktiv ishtirokchi sifatidagi rolini mustahkamlashga intilishini aks ettiradi.
Tinchlik kengashi g‘oyasi, eng avvalo, BMT tizimi kabi anʼanaviy global boshqaruv mexanizmlariga muqobil yoki parallel maydon yaratishga qaratilgan urinishdir. Agar eʼlon qilingan maqsadlar — barqarorlikni taʼminlash, inqirozga uchragan davlatlarda boshqaruvchanlikni tiklash va global mojarolarning oldini olish taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
O‘zbekistonning Tinchlik kengashidagi ishtiroki alohida ahamiyatga ega. Rasmiy Toshkent izchil ravishda ko‘p tomonlama, mintaqaviy hamjihatlik va muloqotga qaratilgan siyosatni yuritib, Afg‘oniston masalalari, Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish hamda barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida asosiy ishtirokchi sifatidagi nufuzini mustahkamlab kelmoqda. Yangi formatga qo‘shilishni BMTni qo‘llab-quvvatlashdan chekinish emas, balki tinchlikparvar diplomatiya vositalarini kengaytirish sifatida baholash lozim.
Tinchlik kengashi birinchi sammitining G‘azo sektoriga qaratilgani tashabbusga o‘ziga xos barqarorlik bag‘ishlaydi. Infratuzilmani tiklash va barqaror boshqaruvni shakllantirish vazifalarini amalga oshirish mintaqaviy davlatlar hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan keng qamrovli muvofiqlashtirishni talab qiladi, turli mintaqalardan davlatlar, jumladan O‘zbekistonning ishtiroki esa mazkur formatning ahamiyati yana-da kuchaytiradi.
O‘zbekiston uchun mazkur sammitda ishtirok etish – mojarolarning oldini olishga qaratilgan global saʼy-harakatlarga hissa qo‘shish, AQSH bilan strategik muloqotni mustahkamlash va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish imkoniyatidir. Keng maʼnoda, bu tashrif Markaziy Osiyoning jahon siyosatidagi salohiyati ortib borayotganini ifodalaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
