Logo

Rossiyadan munosabat: O‘zbekistonda 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinishi chuqur ramziy maʼnoga ega

Dekabr 28, 2025. 09:15 • 2 daq

195
Rossiyadan munosabat: O‘zbekistonda 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinishi chuqur ramziy maʼnoga ega

MOSKVA, 28-dekabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Fan, taʼlim va madaniyat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilyas Umaxanov “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi haqida fikr bildirdi:

– Avvalo, Rossiya senatorlar korpusi nomidan Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston erishgan ulkan natijalarga chuqur hurmatimni bildirishga va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan ulkan rejalarni qo‘llab-quvvatlashga ijozat bergaysiz.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda keng qamrovli modernizatsiya yo‘lidan dadil va izchil bormoqda. Iqtisodiyotda erishilgan yutuqlar – yalpi ichki mahsulotning o‘sishi, rekord darajadagi investitsiyalar, moliya tizimining mustahkamlanishi ochiq bozor iqtisodiyotini yaratish bo‘yicha tanlangan yo‘lning to‘g‘riligidan dalolat beradi. Ijtimoiy sohadagi muvaffaqiyatlar alohida taassurot qoldirmoqda. Kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish maqsadiga muddatidan oldin erishilgani shunchaki statistika emas, balki millionlab O‘zbekiston fuqarolari hayotining real yaxshilanishi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani chuqur ramziy maʼnoga ega. Bu qadam islohotlar markazida inson, uning farovonligi va ijtimoiy hamjihatlik turganini tasdiqlaydi. O‘zbekistonning mahalla institutini jamiyat tayanchi sifatida mustahkamlash borasidagi tajribasi bebaho va shubhasiz, ko‘plab mamlakatlar, jumladan, jamoaviylik va o‘zaro yordam anʼanalari kuchli bo‘lgan Rossiya uchun ham qiziqish uyg‘otadi.

Taqdim etilgan 2026 yilga mo‘ljallangan dastur o‘zining keng qamrovliligi bilan kishini hayratga soladi. Texnologik yutuqlarga, sunʼiy intellekt sohasidagi loyihalar va ulkan kosmik dasturga urg‘u berish davr talablariga mos keladi va Rossiya–O‘zbekiston ilmiy-texnikaviy hamkorligi uchun yangi ufqlarni ochadi. “Yashil” kun tartibi va keng ko‘lamli ekologik tashabbuslar mamlakatlarimiz uchun umumiy bo‘lgan barqaror rivojlanish maqsadlariga ham to‘liq hamohangdir.

Rossiya O‘zbekistonning tinchliksevar, ko‘p vektorli va muvozanatli tashqi siyosatini, uning Markaziy Osiyodagi konstruktiv rolini yuksak qadrlaydi. Mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha tashabbuslarni, Markaziy Osiyo hamjamiyati formatini ilgari surishni qo‘llab-quvvatlash butun Yevroosiyo makonining barqarorligi va farovonligi uchun uzoq muddatli manfaatlarga javob beradi.

Rossiya–O‘zbekiston munosabatlari ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro hurmat va xalqaro kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha pozitsiyalarning mos kelishi yoki yaqinligiga asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik xususiyatiga ega.

Ishonchimiz komilki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi ustuvor yo‘nalishlarning amalga oshirilishi barcha sohalarda – savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardan tortib madaniy-gumanitar sohalargacha ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi turtki bo‘ladi. O‘zaro tajriba almashish, infratuzilma, energetika va innovatsiya loyihalari ustida birgalikda ishlashga tayyormiz.

Qardosh O‘zbekiston xalqiga Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida yangi va ulkan tashabbuslariga muvaffaqiyat tilaymiz.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Rakhataliyeva

rakhataliyeva@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish