O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi Pokiston OAV nigohida
Dekabr 29, 2025. 08:15 • 3 daq
• 191ISLOMOBOD, 29-dekabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, Pokistonning markaziy “Associated Press of Pakistan” axborot agentligi, “Pakistan Observer”, “The Daily Spokesman” va “SUBNEWS”, “News Valley” gazetalari, “Margalla Tribune” jurnali, “Pakistan Today”, “Global News Pakistan”, “The Diplomatic Insight”, “The Khyber Mail”, “News Network Pakistan”, “Diplomatic Affairs”, “MNNNEWS”, “Urdu MNNNEWS” “Times of Central Asia”, “Media Online Today” boshqa elektron nashrlarida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasiga bag‘ishlangan turkum maqolalar hamda sharhlar ingliz va urdu tillarida eʼlon qilindi.
Ularda O‘zbekiston yetakchisi o‘z Murojaatnomasida Respublika barcha sohalarda erishgan natijalarni chuqur tahlil qilgani va Yangi – 2026-yildagi istiqboldagi rejalar haqida to‘xtalgani taʼkidlangan.
Nashrlarda yozilganidek, davlatimiz rahbari 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Pokiston OAV maʼlum qilganidek, birinchi ustuvor yo‘nalish sifatida mahalla infratuzilmasini yana-da yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat ekanligi, ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish sanalishi qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, kosmik sohadagi rejalarga to‘xtaldi. “Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sunʼiy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik”, – deya davlatimiz rahbari Murojatnomasidan iqtibos keltirilgan manbalarda.
Murojaatnomada uchinchi ustuvor yo‘nalish – ichki bozorda talabni rag‘batlantirish masalasi ekanligi taʼkidlandi.
Prezident o‘tgan to‘qqiz yilda O‘zbekistonda qulay biznes muhiti yaratilib, tovar va xizmatlar hajmi va turi ko‘paytirilgani, kam daromadli oilalar uchun yiliga kamida 1 milliard dollar arzon kredit berilayotgani, inflyatsiya darajasi “bir xonali” raqamga tushirilgani natijasida aholining xarid qobiliyati 2 karra o‘sganini bildirdi.
“Istiqboldagi rejalarga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston Rahbari aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 2026-yilda 23 trillion so‘m resurs ajratilishini maʼlum qildi. Uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trillion 700 milliard so‘m subsidiya beriladi”, – deya urg‘ulangan materiallarda.
Shuningdek, nashrlarda O‘zbekiston sayyohlik sohasini yana-da rivojlantirish va xorijiy turistlarni jalb etish bo‘yicha ulkan rejalarni o‘z oldiga belgilab olgani yozilgan.
“Xususan, Murojaatnomada keyingi besh yilda xorijiy turistlar sonini 2 karra oshirish, turizm xizmatlari hajmini esa 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olinmoqda. Shu maqsadda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Turistlar oqimi tobora oshayotgani aviatsiya va temir yo‘lda yo‘lovchi tashish quvvatini 2 barobar ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Shu bois, 2026-yilda aviaparkdagi havo kemalarining soni 120 taga yetkaziladi”, – deya qayd etilgan Pokiston OAV tomonidan eʼlon qilingan materiallarda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

