Rossiyadan munosabat: Janubiy Osiyo yo‘nalishi O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlardan biridir
Fevral 07, 2026. 10:58 • 2 daq
• 38
MOSKVA, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi katta ilmiy xodimi Aleksandra Perminova Dunyo” AA uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari haqida fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi doirasida oliy darajadagi samarali muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilib, unda ikki tomonlama munosabatlarga institutsional jihatdan barqaror tus beruvchi masalalar muhokama qilindi.
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif Qo‘shma deklaratsiya va Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi. Bundan tashqari, yetakchilar huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Aytishim lozimki, Janubiy Osiyo yo‘nalishi O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlardan biridir. U mamlakat rahbariyatining rasmiy chiqishlarida transport bog‘liqligi, tashqi bozorlarga chiqish va savdo-iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish nuqtai nazaridan istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida izchil qayd etib kelinmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Pokiston O‘zbekiston tomonidan logistika salohiyati, bozorning demografik sig‘imi va mintaqaviy xavfsizlik masalalarida, birinchi navbatda, Afg‘oniston omili bilan bog‘liq sezilarli rolni o‘zida mujassam etgan muhim mintaqaviy markaz sifatida qaraladi.
Shubhasiz, tashrif Markaziy va Janubiy Osiyo uchun o‘zaro bog‘liqlik makonini shakllantirish istiqbollarini belgilab beradi hamda Yevroosiyoda yanada zich va o‘zaro bog‘liq mintaqaviy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
