Logo

Turkmanistondan munosabat: Alisher Navoiy ijodi XV asr Sharq xalqlarining maʼnaviy hayotini ochib beradi

Fevral 08, 2026. 12:40 • 2 daq

83
Turkmanistondan munosabat: Alisher Navoiy ijodi XV asr Sharq xalqlarining maʼnaviy hayotini ochib beradi
Turkmanistondan munosabat: Alisher Navoiy ijodi XV asr Sharq xalqlarining maʼnaviy hayotini ochib beradi
Turkmanistondan munosabat: Alisher Navoiy ijodi XV asr Sharq xalqlarining maʼnaviy hayotini ochib beradi

ASHXOBOD, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy va Sharq Renessansi” mavzusidagi V Xalqaro simpozium arafasida Turkmaniston ilmiy-ekspert hamjamiyati vakillari “Dunyo” AA uchun Alisher Navoiy merosining Markaziy Osiyo xalqlarining maʼnaviy-madaniy hayotidagi o‘ziga xosligini shakllantirishdagi ahamiyati haqida fikr bildirdi:

Turkmaniston Madaniyat vazirligi bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari nomzodi Agamurad Baltayev:

– Insoniyat tarixida adabiyot doim xalqlarning maʼnaviy va madaniy o‘ziga xosligini shakllantirish, tarixiy xotirani asrab-avaylash va davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynagan. Ayniqsa, Markaziy Osiyoda atoqli shoir va mutafakkirlarning ijodiy merosi milliy o‘zlikni anglash va jamiyat maʼnaviy taraqqiyotining asosiga aylandi.

Alisher Navoiy – shoir, faylasuf, davlat arbobi va maʼrifatparvar bo‘lib, uning nomi mintaqaning insonparvarlik g‘oyalari, yuksak poetik madaniyati va maʼnaviy boyligining ramziga aylangan. Uning ko‘p qirrali faoliyati – sheʼriyatdan ilm-fangacha, davlat xizmatidan maʼrifatparvarlikkacha XV asrda madaniyat va adabiyot jamiyatning siyosiy va ijtimoiy hayotidan ajralmaganidan dalolat beradi.

Turkmanistonning zamonaviy madaniy diplomatiyasi qo‘shni davlatlar bilan tarixiy va maʼnaviy aloqalarni mustahkamlash vositasi sifatida Alisher Navoiy merosiga faol tayanadi. Navoiy sheʼriyati va madaniy anʼanalarini targ‘ib qilish orqali Turkmaniston xalqlar qardoshligini mustahkamlamoqda va Markaziy Osiyoning maʼnaviy merosini asrab-avaylab, uni zamonaviy xalqaro hamjamiyat uchun ochiq qilmoqda.

Turkmaniston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi Jennet Ezimova:

– Alisher Navoiy ijodi o‘zining sheʼriy va ilmiy asarlarida XV asr Sharq xalqlarining maʼnaviy hayotini ochib beradi. Uning ko‘pchiligi qo‘shiq bo‘lib ketgan sheʼrlari insonparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan, yuksak badiiy taʼsirchanlikka ega.

Buyuk mutafakkir barcha turkiy tilli xalqlar uchun tushunarli bo‘lgan chig‘atoy adabiy tilining asoschisi bo‘lib, turkman adabiyotining rivojlanishiga katta taʼsir ko‘rsatgan. Shoir “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida turkiy va forsiy tillarning sheʼriyat uchun teng qiymatga ega ekanini dalillar bilan isbotlagan.

Navoiy ijodiga bo‘lgan muhabbat musiqa madaniyatida ham namoyon bo‘ladi. Uning sheʼr va kuylari bayram va tantanalarda baxshilar tomonidan faol ijro etiladi, Navoiy nomi bilan bog‘liq xalq kuylari milliy musiqa sanʼatida salmoqli o‘rin egallaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish