O‘zbekiston diplomatlari xalqaro Afrika kongressida qatnashdi
Mart 03, 2026. 15:28 • 58 soniya
• 59TORUN, 3-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi vakillari Polshaning Torun shahrida o‘tkazilgan III Xalqaro Afrika kongressida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbirda 20 dan ortiq davlatlarning diplomatik korpus vakillari, Polsha hukumati mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda yirik biznes vakillari qatnashdi.
Kongresning ochilish marosimida “Wydawnictwo Adam Marszałek” nashriyoti prezidenti Adam Marshalak, Kuyaviya-Pomeraniya voyevodasi Mixal Shtibel, vitse-marshali Zbigniyev Ostrovski, Torun shahar meri Pavel Gulevski hamda Polshadagi qator davlatlarning elchixonalari vakillari so‘z yuritdi.
Tadbirda diplomatlarimiz “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Vakillarimiz xorijlik ishbilarmonlarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, demokratik jamiyat institutlarini mustahkamlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, aholi turmush darajasini oshirish, mamlakatda yaratilayotgan qulay investitsiya muhiti va biznes yuritish shart-sharoitlari haqida ma’lumot berdi.
Polsha Yevropa Ittifoqiga kirishda o‘ziga xos “darvoza” sifatida O‘zbekiston uchun muhim, istiqbolli va uzoq muddatli hamkor ekani aniq faktlar bilan ta’kidlandi.
Mazkur platformadan foydalanib, tadbir qatnashchilariga shu yil 16–19-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan 5-Toshkent xalqaro investitsiya forumi xususida ma’lumot taqdim qilindi.
Afrika mintaqasi va Polsha biznes doiralari vakillari yurtimizda o‘tkaziladigan ushbu tadbirda faol ishtirok etishga taklif etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


