O‘zbekiston va Malayziya qishloq xo‘jaligida innovasion hamkorlikni kengaytiradi
Mart 12, 2026. 13:31 • 2 daq
• 2
KUALA-LUMPUR, 12-mart /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya Qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot va rivojlanish instituti (MARDI) bosh direktori Muhammad Zabavi Abdul G‘ani bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tomonlar sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Shu jumladan, sabzavot va poliz ekinlari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, yuqori sifatli ko‘chat va urug‘lar almashish hamda mahalliy iqlim sharoitlariga mos yangi navlar yaratish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekistonlik mutaxassislar Malayziyaning sholichilikda yuqori hosil olish tajribasini qiziqish bilan o‘rganyapti. Shuningdek, Malayziya seleksiyasiga mansub qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli ertapishar sholi urug‘lari respublikamizda ijobiy natijalar berayotgani ta’kidlandi.
Endilikda tomonlar uzoq muddat saqlash va uzoq masofaga tashishga mos qovun va danaksiz tarvuz urug‘larini almashish hamda laboratoriyada va mahalliy iqlimda tajribalar o‘tkazish loyihasini rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, agroklasterlar va fermer xo‘jaliklari faoliyatida innovasion agrotexnologiyalarni joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Joriy yilning avgust oyida institut bosh direktori Muhammad Zabavi O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishini, hamkorlik hujjatlari va o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.
MARDI instituti 1969-yilda mamlakat hukumati tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, mamlakat qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda rivojlantirish, yangi texnologiyalar ishlab chiqish va fermerlarga yechimlar taqdim etish maqsadida faoliyat yuritadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi