Logo

O‘zbekiston­Polsha o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlik yana-da rivojlantiriladi

Mart 02, 2026. 16:39 • 59 soniya

49
O‘zbekiston­Polsha o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlik yana-da rivojlantiriladi

VARSHAVA, 2-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchisi Amirsaid Agzamxodjayev Polsha Infratuzilma vazirligi davlat kotibi Stanislav Bukoves bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar markazida ikki mamlakat o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, yuk tashish zanjirlarini optimallashtirish hamda istiqbolli transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalari turdi.

Stanislav Bukoves Polsha O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun mavjud katta salohiyatni yuqori baholashini taʼkidladi. Shu bilan birga, u hozirgi murakkab xalqaro vaziyat sharoitida Markaziy Osiyo yo‘nalishida yuk tashuvlarini eng maqbul va iqtisodiy jihatdan samarali yo‘nalishlar orqali amalga oshirish, logistika yo‘laklarini diversifikatsiya qilish zarurligiga eʼtibor qaratdi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Muloqotda fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikka alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, 2024-yilda “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi tomonidan Varshava va Toshkent shaharlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan muntazam aviaqatnovlar qisqa muddat ichida barqaror o‘sish surʼatlarini namoyon etgani taʼkidlandi. Bu esa nafaqat ishbilarmonlik aloqalarini, balki ikki davlat o‘rtasidagi turizm oqimini ham jadallashtirishga xizmat qilmoqda.

Uchrashuv yakunida transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish va logistika sohasidagi to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish