Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda
Mart 02, 2026. 16:16 • 4 daq
• 56
Qozog‘iston BAA tomonda ekanini ochiqladi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli Birlashgan Arab Amirliklari xalqiga hamdardlik bildirdi. Qayd etilishicha, u Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan bilan telefon orqali samarali muloqot o‘tkazgan, Yaqin Sharqdagi vaziyatni atroflicha muhokama qilgan va lozim bo‘lganda qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qilgan.
Manba: Akorda.kz
***
Isroil Livanda “Hizbulloh”ga zarbalar berdi
Isroil Livandagi Bayrutning janubiga — Eron qo‘llab-quvvatlaydigan harakat “Hizbulloh” nazoratidagi hududlarga kuchli havo zarbalarini bergan. Bunga sabab, ushbu guruh Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy o‘ldirilgani uchun qasos sifatida Isroil tomon raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)ni uchirgani bo‘ldi.
Manba: Reuters
***
BAA Eron bilan diplomatik aloqalarni uzdi
BAA Eronning mamlakat hududiga bergan zarbalari ortidan Tehrondagi elchixonasini yopishga va Eron Islom Respublikasidagi elchisini, shuningdek diplomatik missiya xodimlarini chaqirib olishga qaror qildi. Mazkur qaror Eron tomonidan BAA hududiga qaratilgan ochiq raketa hujumlariga javoban qabul qilingan.
Manba: Mofa
***
Trampning aytishicha, Erondagi urush 4 hafta davom etadi
AQSH yetakchisi Donald Tramp Erondagi harbiy operatsiya to‘rt hafta davom etishi mumkinligini aytdi. “Bu har doim to‘rt haftalik jarayon sifatida rejalashtirilgan. Taxminan, to‘rt hafta yoki undan kam davom etadi. Bu katta davlat, shuning uchun to‘rt hafta kerak bo‘ladi yoki kamroq”, degan Oq uy rahbari.
Manba: Daily Mail
***
Erdo‘g‘on Eronga qilingan hujumlarni qoraladi
Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on Isroil va AQShning Eronga qilgan hujumlarini qoraladi, shu bilan birga Eronning mintaqadagi mamlakatlarga zarba berishini nomaqbul deb atadi. “Biz Eron suverenitetini ochiqchasiga buzayotgan hamda do‘st va qardosh Eron xalqining tinchligiga tahdid solayotgan bugungi hujumlarni qoralaymiz. Biz Isroil provokatsiyalari bilan boshlangan Amerika–Isroil hujumlaridan qayg‘uda va tashvishdamiz. Biz uzoq vaqt davomida kelishmovchiliklarni muloqot yo‘li orqali bartaraf qilishga qattiq harakat qildik. Mintaqamizdagi boshqa davlatlar ham bor imkoniyatlarini ishga solishdi. Ammo istalgan natijaga erishilmadi, chunki Isroilning jarayonni buzishga urinishlari davom etgani sababli tomonlar o‘rtasidagi ishonch inqirozini bartaraf etib bo‘lmadi”, deya taʼkidlagan Erdo‘g‘on.
Manba: Tass.ru
***
Neft narxi to‘rt yillikning eng yuqori nuqtasiga ko‘tarildi
Brent markali neftning narxi 13 foiz ko‘tarilib, bir barrel uchun 82 dollarga yetdi. Tahlilchilar taʼkidlashicha, bu Rossiya – Ukraina urushi boshlangandan beri, yaʼni to‘rt yil ichidagi eng yuqori o‘sish.
Manba: Bloomberg
***
Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi tashqi ishlar vazirlari favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi
Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi tashqi ishlar vazirlari AQSh va Isroilning Eronga hujumi sharoitida o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirish va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidni baholash uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazdilar. Uchrashuvga Eronning harbiy faoliyati, jumladan raketa va dron hujumi Kengashga aʼzo davlatlar hududiga tarqalishi mumkinligidan xavotiri sabab bo‘ldi.
Manba: Azfront
***
Eronga vaqtincha rahbar tayinlandi
67 yoshli Alirizo Arafiy Eron rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Arafiy davlat idoralarida tajribaga ega ruhoniy, Xomanaiyning ishonchli vakili bo‘lgan. Tayinlovga qadar u Ekspertlar assambleyasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan va nufuzli Posbonlar kengashi aʼzosi bo‘lgan, Eron diniy taʼlim muassasalari tizimini boshqargan.
Manba: Reuters
AQSh va Isroilning Eronga hujumi ortidan neft narxi keskin oshdi
AQSh va Isroilning Eronga qarshi zarbalari ortidan jahon bozorida neft narxi 2022-yil mart oyidan beri eng yuqori surʼatda o‘smoqda. 2 mart kuni savdolar ochilishida Brent markali neft narxi bir zumda 13 foizga oshdi – barreli 69 dollardan 82 dollargacha ko‘tarildi. Bu 2025-yil yanvaridan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Manba: Bloomberg
Netanyahu idorasiga havo zarbasi berildi
Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Xaybar” turidagi raketalar bilan amalga oshirilgan o‘ninchi to‘lqin hujumlarida Isroil hukumat majmuasi nishonga olinganini maʼlum qildi. Bayonotda aytilishicha, “sionistik rejim” bosh vaziri idorasi hamda mazkur rejim harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni joylashgan manzil “maqsadli va kutilmagan zarbalar”ga uchragan. Eron qurolli kuchlari bu hujumlar “og‘ir zarba” bo‘lganini taʼkidlagan.
Manba: Sepahnews.ir
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
