Logo

Samarqand va Yaponiyaning Nara shahri o‘rtasidagi hamkorlik kengaytiriladi

Mart 02, 2026. 12:37 • 53 soniya

1
Samarqand va Yaponiyaning Nara shahri o‘rtasidagi hamkorlik kengaytiriladi

TOKIO, 2-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Samarqand shahri hokimi Fazliddin Umarov va Nara shahri meri Gen Nakagava o‘rtasida onlayn muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda ikki qadimiy shahar o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Muloqot markazida savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish hamda ikki hudud ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari turdi. Tomonlar yaqin istiqbolda Samarqand va Nara kompaniyalari ishtirokida keng qamrovli onlayn biznes-forum o‘tkazish bo‘yicha muhim kelishuvga erishdi.

Shuningdek, Samarqand shahri delegatsiyasining Naraga tashrifini tashkil etish va uning doirasida madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi. Ushbu tashrif nafaqat iqtisodiy, balki turizm sohasidagi aloqalarni ham jadallashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida Samarqand va Nara rahbarlari erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish maqsadida muntazam muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Bu kabi aloqalar Ipak yo‘lining ikki muhim nuqtasi bo‘lgan shaharlar o‘rtasidagi tarixiy rishtalarni zamonaviy loyihalar bilan boyitishga zamin yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish