“The World News”: O‘zbekiston shaharlari Osiyodagi eng go‘zal 30 ta shahar qatorida eʼtirof etildi
Mart 02, 2026. 15:54 • 2 daq
• 24
ISLOMOBOD, 2-mart /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop «The World News» elektron nashri «O‘zbekiston shaharlari Osiyodagi eng chiroyli 30 ta shahar qatoriga kiritildi» sarlavhali maqolani eʼlon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda «National Geographic Traveler» xalqaro jurnalida polshalik yozuvchi va jurnalist Agneshka Franusning O‘zbekistonning tarixiy shaharlari hamda turizm salohiyati haqidagi maqolasi eʼlon qilingani va nashrning ushbu soni «Osiyoning 30 ta eng go‘zal shahri» yo‘nalishiga bag‘ishlangani xabar qilingan.
«Muallif O‘zbekistonni mintaqaning eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida eʼtirof etib, uning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror arxitekturasi va Buyuk Ipak yo‘li shaharlarining o‘ziga xos muhiti haqida fikr bildirgan. Materialda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining mintaqa sivilizatsiyasidagi o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan», – deyiladi materialda.
Nashrda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan meʼmoriy yodgorliklarga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, Samarqand shahridagi Registon ansambli, Shohi Zinda majmuasi, Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Buxoroning tarixiy markazi Ark qo‘rg‘oni va Poyi Kalon ansambli, Xiva shahridagi noyob meʼmoriy majmua – Ichan qalʼa yodgorliklari shular jumlasidandir.
Shuningdek, UNESCO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obidalarga alohida eʼtibor qaratilgan. Sayyohlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar ham ijobiy baholangan. Jurnalist mamlakatda sayohat qilish xavfsizligi, mustaqil sayohat uchun qulayliklar hamda xizmatlar narxi va sifati o‘rtasidagi mutanosiblikni alohida qayd etadi.
«Agneshka Franusning taʼkidlanishicha, oldindan tuzilgan marshrut bo‘lmasa ham, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qulay va taassurotlarga boy bo‘lib qolaveradi.
«The World News» tarqatgan material yakunida «Umuman olganda, maqola yorqin ifodalangan ijobiy ruhda yozilgan bo‘lib, O‘zbekistonning xalqaro maydonda xavfsiz, mehmondo‘st va yuksak turizm salohiyatiga ega madaniy boy davlat sifatidagi ijobiy imijini shakllantirishga xizmat qiladi», – deya urg‘ulangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
