Yaponiya savdo tarmog‘i O‘zbekiston mahsulotlariga qiziqish bildirdi

Oktabr 22, 2026. 09:00 • 2 daq

• 111
Yaponiya savdo tarmog‘i O‘zbekiston mahsulotlariga qiziqish bildirdi
Yaponiya savdo tarmog‘i O‘zbekiston mahsulotlariga qiziqish bildirdi

TOKIO, 22-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Yaponiyaning “FamilyMart Co., Ltd.” kompaniyasi ijrochi direktori Nana Shimada bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, o‘zbek mahsulotlarini Yaponiya bozoriga yetkazib berishni ko‘paytirish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda yapon tomoni joriy yil sentyabr–oktyabr oylarida o‘tkazilgan XX Osiyo o‘yinlari davomida o‘zbekistonlik sportchilarning “FamilyMart” logotipi tushirilgan mahsulotlardan foydalanganiga alohida e’tibor qaratdi.

Bu haqdagi ma’lumotlarning Yaponiya ijtimoiy tarmoqlarida keng tarqalishi va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi kompaniya brendining tanilishiga xizmat qildi. Nana Shimada o‘zbek sportchilariga bo‘lgan e’tibor kompaniyaning O‘zbekistonga qiziqishini ham oshirganini ta’kidladi.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri – o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari va paxta tolasini Yaponiya bozoriga yetkazib berishni kengaytirishdir. Hozirning o‘zida O‘zbekiston paxta tolasi “FamilyMart”ning “Convenience Wear” kiyimlar to‘plamida qo‘llanilmoqda.

Kompaniya do‘konlarida sotiladigan ayrim to‘qimachilik mahsulotlari, jumladan, “Imabari Towel” brendi ostidagi sochiqlarni ishlab chiqarishda ham O‘zbekistondan yetkazib beriladigan materiallardan foydalaniladi.

Nana Shimadaning ta’kidlashicha, kompaniya o‘zbek paxtasining sifatiga yuqori baho beradi va uni mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llash ko‘lamini yanada kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishdan manfaatdor. U O‘zbekistonning go‘zalligi va mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarining o‘ziga xosligini e’tirof etib, mamlakatimizga tashrif buyurish istagini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zbek to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini Yaponiya bozoriga yetkazib berishni ko‘paytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish