2026-yilning 7 oyida O‘zbekistonga Rossiyadan 710 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurdi
Avgust 19, 2026. 15:30 • 2 daq
• 37
MOSKVA, 19-avgust. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning turizm va sayyohlik biznesiga ixtisoslashgan yetakchi “Turprom” axborot agentligida “Turistlar oqimi O‘zbekistonga keskin ortdi: ko‘rsatkich 1,4 millionga o‘sdi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda haqiqiy turistik bum kuzatilmoqda: 2026-yilning dastlabki yetti oyida mamlakatga 7,749 million nafar xorijiy mehmon tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 million kishiga ko‘p bo‘lib, respublikaning Markaziy Osiyodagi eng ommabop turistik yo‘nalishlardan biri sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqlaydi.
Nashrning qayd etishicha, sayyohlarning asosiy oqimi bo‘yicha yetakchilikni Qirg‘iziston saqlab turibdi — ushbu mamlakat fuqarolari tomonidan 2,17 million tashrif amalga oshirilgan. Keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston (1,855 million) va Tojikiston (1,728 million kishi) egallagan.
Maqolada rossiyalik sayyohlar ham O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylariga barqaror qiziqish bildirayotgani taʼkidlangan. Joriy yilning yetti oyi davomida Rossiyadan 710 mingdan ortiq tashrif qayd etilgan bo‘lib, birgina iyul oyida respublikaga 125 mingdan ziyod rossiyalik kelgan.
“O‘zbekiston nafaqat qo‘shni, balki uzoq xorij mamlakatlaridan ham sayyohlarni jalb etgan holda turistik salohiyatini faol oshirmoqda. Ayniqsa, Xitoy tomonidan qiziqishning ortgani sezilarli. Yetti oy davomida mamlakatga 269,7 ming xitoylik sayyoh tashrif buyurdi, bu esa deyarli butun 2025-yilgi ko‘rsatkichga tengdir”, — deya tahlilchilar fikridan iqtibos keltiriladi nashrda.
Bundan tashqari, respublikaga eng ko‘p tashrif buyurayotgan mamlakatlar o‘nligidan Afg‘oniston (281,2 ming), Turkmaniston (192,8 ming) va Turkiya (111,9 ming) joy olgan. Eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega o‘nlikni Hindiston va Janubiy Koreya yakunlab bermoqda.
Maqola xulosasida taʼkidlanganidek, ushbu salmoqli raqamlar mamlakat turistik infratuzilmasi ortib borayotgan talabga to‘liq javob berayotgani hamda madaniy va gastronomik turlar ommalashib borayotganidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi