Logo

“Belt and Road Outlook” jurnali: Keng ko‘lamli islohotlar O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichiga mustahkam zamin yaratmoqda

Fevral 12, 2026. 16:48 • 3 daq

74
“Belt and Road Outlook” jurnali: Keng ko‘lamli islohotlar O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichiga mustahkam zamin yaratmoqda

PEKIN, 12-fevral. /“Dunyo” AA/. Xitoyning mashhur “Belt and Road Outlook” jurnali sahifalarida Xitoy Xalqaro muammolar akademiyasi Yevroosiyo tadqiqotlari instituti direktori Li Szigoning O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan tahliliy maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nufuzli ekspert O‘zbekistonning yangi taraqqiyot modeliga o‘tayotganini, islohotlar institutsional, ijtimoiy va strategik, eng muhimi, ortga qaytmas tus olayotganini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbarining “Yangi taraqqiyparvar O‘zbekiston”ni barpo etish, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini hayotga tatbiq etishdagi islohotchilik roliga alohida eʼtibor qaratilgan. Muallifning taʼkidlashicha, inson qadrini ulug‘lash va aholi turmush sifatini oshirishni asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylantiruvchi davlat siyosati mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar muvaffaqiyatining garovi sifatida qaraladi.

Yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olishning izchil o‘sish ko‘rsatkichlari, kambag‘allik darajasining sezilarli darajada qisqarishi va ijtimoiy-iqtisodiy siyosatdagi boshqa muhim natijalar ham islohotlar samaradorligidan dalolat beradi. Muallif taʼkidlaganidek, ijtimoiy siyosat modernizatsiya strategiyasining markaziy elementiga aylandi va keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Tahlilchining fikricha, parlament vakolatlarining kengayishi, har ikki palata rolining kuchayishi davlat boshqaruvi tizimini yanada demokratlashtirishga bo‘lgan intilishni aks ettiradi.

Shu nuqtai nazardan, iqtisodiy islohotlar mamlakatning barqaror investitsiyaviy jozibadorligini taʼminlab, O‘zbekistonning mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiy markaz sifatidagi imijini mustahkamlamoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi rejalashtirilayotgani ochiqlik siyosatining mantiqiy davomi bo‘lib, iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyatini mustahkamlaydi, o‘zbek eksport mahsulotlarining raqobatbardoshligini kuchaytiradi.

Xitoylik ekspertning fikricha, tashqi siyosat kursi O‘zbekiston diplomatiyasining ochiq, pragmatik va ko‘p vektorli xususiyatini namoyish etadi. Shu bilan birga, maqolada Markaziy Osiyoga ustuvor yo‘nalish sifatida alohida urg‘u berilgan. Xususan, mintaqada chegara masalalarini tartibga solish, “Markaziy Osiyo o‘ziga xosligi”ni shakllantirish hamkorlik, barqarorlik va integratsiyaga yo‘naltirilgan mutlaqo yangi mintaqaviy siyosat paradigmasining dalili sifatida tavsiflanadi.

Maqolada dolzarb ekologik va “yashil” kun tartibi muhim o‘rin tutadi va O‘zbekistonning barqaror rivojlanishning global tendensiyalariga moslashishga intilishini aks ettiradi. Orol inqirozining ko‘lamini hisobga olgan holda ekologik yo‘nalish nafaqat xalqaro, balki ichki strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Xitoy – O‘zbekiston munosabatlariga alohida bo‘lim bag‘ishlangan. Li Szigoning fikricha, munosabatlarni har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish, Xitoy bilan savdo va investitsiyalar oqimining barqaror o‘sishi o‘zaro hamkorlikning strategik chuqurligini anglatadi. Xitoy – yetakchi iqtisodiy hamkor, texnologiyalar va infratuzilma loyihalari manbai, jumladan, muhim geoiqtisodiy ahamiyatga ega “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li.

Umuman olganda, maqolada O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati atroflicha ochib berilgan. Muallif xulosa qilganidek, kuchli ijtimoiy yo‘nalish, iqtisodiy modernizatsiya, institutsional mustahkamlash va faol tashqi siyosatni o‘zida mujassam etgan islohotlar mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish