YUNESKO vakillari bilan madaniy merosni asrab-avaylash masalasi muhokama qilindi
Fevral 12, 2026. 16:28 • 2 daq
• 48PARIJ, 12-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi tomonidan YUNESKOning Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvning asosiy maqsadi Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining tarixiy 43-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishning aniq mexanizmlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Suhbat jarayonida mamlakatimizdagi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va asrab-avaylash sohasida O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuvda Lazar Assomo 43-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham madaniy merosni asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Markaz direktori 2025-yil noyabr oyida Samarqand shahrida Jahon merosi konvensiyasiga aʼzo davlatlar Bosh assambleyasining
25-sessiyasi yaxshi tashkil etilgani va O‘zbekistonning ushbu muhim tadbirga raisligi uchun minnatdorlik bildirdi.
Tadbir davomida YUNESKO Ijroiya kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarorini ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish hamda 2027-yilda Xivada ushbu mavzuda xalqaro simpozium o‘tkazish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu tashabbuslar butun dunyodagi madaniy meros obyektlarining iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari oldida yuqori zaifligi sharoitida dolzarbligini taʼkidlandi. Bu borada Lazar Assomo YUNESKOning Butunjahon merosi markazi ularni amalga oshirishda yordam berishga tayyorligini qayd etdi.
Lazar Assomo O‘zbekistonning respublikada madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha kompleks strategiyani, Samarqand, Xiva va Shahrisabz tarixiy shaharlarining ilg‘or xalqaro tajriba va YUNESKO standartlarini hisobga olgan holda master-rejalarini ishlab chiqish niyatlarini qo‘llab-quvvatladi. Tashkilot ushbu jarayonlarda O‘zbekistonga maslahat yordami ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Shu bilan birga, ishlab chiqilayotgan Kompleks strategiya doirasida madaniy meros obyektlarini saqlash, konservatsiya qilish, restavratsiya qilish va boshqarish sohasida mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va salohiyatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
O‘zbekistonda arxitektura va arxeologiya yodgorliklarini restavratsiya qilish va saqlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Buxoro shahridagi “Shahriston” obyekti hududida Poyi Kalon meʼmoriy ansamblini restavratsiya qilish va ochiq osmon ostidagi arxeologiya muzeyini tashkil etish loyihalarini birgalikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



