Logo

Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi yakunida Qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi

Dekabr 17, 2025. 09:35 • 2 daq

86
Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi yakunida Qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi

TOSHKENT, 17-dekabr. /“Dunyo” AA/. Kecha poytaxtimizda “Inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida hamkorlik” mavzusidagi Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi o‘z ishini yakunladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, yalpi majlis va sessiyalar doirasida inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni taʼminlash va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Shu bilan birga, iqtisodiy hamkorlik va raqamli transformatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha fikrlar bildirilib, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion yechimlarni joriy etish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi. Ekologiya va “yashil” siyosat masalalarida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik qonunchilikni takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishda parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda inson huquqlari va gender tenglikni taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar gender tenglik, yoshlar siyosati, taʼlim va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish taklifni bildirdi.

Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlari uchinchi yig‘ilishining Qo‘shma deklaratsiyasi ham qabul qilindi.

Kelgusida parlament diplomatiyasini kuchaytirish, qonunchilik bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan almashish va muloqot maydonlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining navbatdagi — IV yig‘ilishini 2026-yilda Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish